Bosh sahifa / Mehnat huquqi / Nogironlik pensiyasini olish tartibi

Nogironlik pensiyasini olish tartibi

Sog‘lig‘ini yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasiga qarab, nogironlikning uch guruhi aniqlanadi.

Nogironlik sabablari va guruhlari, shuningdek nogironlik boshlangan vaqt va nogironlikning qancha muddatga belgilanishi Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan aniqlanadi.

Nogironlik pensiyasi TMEK tomonidan I va II guruh nogironlari deb topilgan, sug‘urta qilingan xodimlarga:

  • mehnatda mayib bo‘lganligi yoki kasb kasalligiga chalinganligi tufayli — mehnat faoliyatining muddatidan qat’i nazar;
  • boshqa sabablar tufayli — muddati sug‘urta qilingan xodimning nogironlik ro‘y bergan vaqtdagi yoshiga bog‘liq tegishli umumiy mehnat stajiga ega bo‘lgan taqdirda tayinlanadi.

Pensiya tayinlash haqida murojaat qilish

Pensiya tayinlash masalalari bo‘yicha yashash joyidagi  Pensiya jamg‘armasining bo‘limlariga :

  •  ishlayotganlar  tashkilot ma’muriyati orqali;
  • dehqon xo‘jaliklari a’zolari, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar ariza bilan murojaat qiladilar.
  • ishlamaydigan fuqarolar arizani mustaqil o‘zlari  yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga byeradilar.
Pensiya tayinlashda taqdim etiladigan hujjatlar

Nogironlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:

  • ish stajini, shu jumladan maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat;
  • ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
  • ariza beruvchining jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi nusxasi;
  • baxtsiz hodisa va sog‘liqning ishlab chiqarishda boshqa shikastlanishi to‘g‘risidagi hujjat yoki agar nogironlik mehnatda mayiblanish oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lsa — boshqa rasmiy hujjat.

Zarurat bo‘lgan hollarda boshqa hujjatlar ham talab etilishi mumkin.

Nogironlik pensiyasini tayinlash muddatlari

  • pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab 60 kungacha murojaat qilinsa – TMEK tomonidan nogironlik belgilangan kundan boshlab;
  • 60 kunlik murojaat qilish muddati o‘tkazib yuborilgan xollarda murojaat qilingan kundan boshlab tayinlanadi.

Nogironlik pensiyalari TMEK tomonidan belgilangan butun nogironlik davri uchun tayinlanadi.

60 yoshdan oshgan erkak va 55 yoshdan oshgan ayollarga nogironlik pensiyalari umrbod tayinlanadi.

Ana shu nogironlarni qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish faqat ularning arizasiga binoan amalga oshiriladi

Nogironlik pensiyasini olish huquqini beradigan ish staji

Mehnatda mayiblanganda yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyalari ish stajidan qat’i nazar, tayinlanadi.

Umumiy kasallik tufayli beriladigan nogironlik pensiyalari nogironlik boshlangan paytga qadar quyidagicha ish stajiga ega bo‘lgan taqdirda tayinlanadi:

Yosh Ish staji
23 yoshga qadar 2
23 yoshdan 26 yoshga qadar 3
26 yoshdan 31 yoshga qadar 5
31 yoshdan 36 yoshga qadar 7
36 yoshdan 41 yoshga qadar 9
41 yoshdan 46 yoshga qadar 11
46 yoshdan 51 yoshga qadar 14
51 yoshdan 56 yoshga qadar 17
56 yosh va undan oshganda 20

20 yoshga to‘lgunga qadar umumiy kasallik tufayli ish davrida yoki ishlash to‘xtatilganidan keyin nogiron bo‘lib qolgan shaxslarga pensiyalar ish stajidan qat’i nazar tayinlanadi.

Mehnatda mayiblanganda yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyasidan umumiy kasallik tufayli beriladigan nogironlik pensiyasiga o‘tkazilganda zarur staj nogironlik dastlab belgilangan vaqtdagi yoshga qarab aniqlanadi.

Pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan umumiy kasallik oqibatidagi I va II guruh nogironlariga nogironlik pensiyasi bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi.

0