Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs maqomini olish tartibi qanday?

Oʻzbekiston Respublikasi “Aholi bandligi toʻgʻrisida” 2020-yil 20-oktyabrdagi OʻRQ-642-sonli Qonunning 35-moddasiga asosan, mehnatga layoqatli yoshdagi shaxs oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatga olinganidan keyin oʻzini oʻzi band qilgan shaxs maqomini oladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida roʻyxatga olinmagan va shaxsiy mehnatga doir ishtirokiga asoslangan, ish haqini (mehnat daromadini) olishga qaratilgan, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatida nazarda tutilgan faoliyatni mustaqil ravishda amalga oshiradigan shaxslar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sifatida roʻyxatga olinishi mumkin.

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni roʻyxatga olish oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatga olinganlik faktini tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR-kod) berilgan holda, maxsus mobil ilova yoxud soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali xabar qilish tartibida amalga oshiriladi.

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sifatida roʻyxatga olingan shaxslar oʻz faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanishga, shuningdek ish beruvchiga ega boʻlishga haqli emas. Ushbu talablarga rioya etilmagan taqdirda, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar maqomini yoʻqotadi.

Internet tarmogʻi orqali xizmatlar koʻrsatuvchi (ishlar bajaruvchi) oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar (frilansing) quyidagi huquqlarga ega:

xorijdagi norezidentlar boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslardan koʻrsatilgan xizmatlar (bajarilgan ishlar) uchun xorijiy valyutada Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi hisobvaraqlarga Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga tegishli axborot kiritmagan holda, Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi hisobvaraqlarga xorijiy valyutada toʻlov qabul qilish;

bitim (oferta) toʻgʻrisida ommaviy taklif qabul qilish yoki elektron xabarlar almashish yoxud hisobvaraq-fakturalar (invoys) qoʻyish, shu jumladan elektron shaklda qoʻyish orqali kontrakt tuzmasdan, chet el jismoniy va yuridik shaxslariga xizmatlar koʻrsatish (ishlar bajarish).

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ishsiz shaxslarga toʻlanadigan ishsizlik nafaqasi hamda tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirishdan oʻtish davrida ushbu mablagʻlar hisobidan stipendiya olishi mumkin emas.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications