O`zbekistonda bola huquqlariga bo’lgan e’tibor va ularning milliy qonunchiligimizdagi huquqiy muhofazasi

Qaysi bir mamlakat bo’lmasin, agar unda bolalarning shodon kulgulari yangrab tursa, bu yurtning buguni ham, ertasi ham, albatta, porloq bo’ladi. Axir, bola beg’ubor va samimiy bo’ladi. Bunday beg’ubor bolalik uchun bolaga mehr va e’tibor kerak. Zero, bugun dunyoning deyarli barcha hududlarida siyosiy tanglik, ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik davom etayotgan bir vaziyatda u yerdagi bolalarning taqdiri, huquq va erkinliklari haqida chuqurroq o’ylasak, bugungi kunda bola huquqlari himoyasi masalasining dolzarbligini va ahamiyatini his etish mumkin bo’ladi.

Inson hayotining mohiyatini tashkil etgan huquq va erkinliklardan xoli tasavvur etib bo‘lmaganligi kabi, bolalar ham, kattalardan kam bo‘lmagan darajada, o‘z huquq va erkinliklari e’tirof etilishiga muhtoj bo‘lib kelgan. Shunga qaramay, bola huquqlari asrlar davomida bunday alohida e’tirofdan mahrum bo‘lib kelgan. Shuni takidlash joizki, mamlakatimizda bola huquqlarini huquqiy tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan boshlanadi, desak adashmaymiz. Chunki, davlatning asosiy qonuni sifatida Konstitutsiyada barcha sohalar kabi, bola huquqlari bo‘yicha huquqiy munosabatlarning ham konstitutsiyaviy, ya’ni fundamental asoslari, bolaning konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi sifatida o‘z aksini topgan. Shuningdek Islom dinida ham bola huquqlari va tarbiyasiga katta e’tibor qaratgan. Hadisi shariflarda keltirilishicha ota-ona farzandiga go‘zal odob va yaxshi tarbiyadan ortiq (narsa) berolmasligi, shuningdek farzandlarga ikromda bo‘lishi (yaxshi munosabatda), ularga go‘zal odob va tarbiya berishi kerakligi haqida alohida ta’kidlangan.[1] Ko`rinib turibdiki bola go`dakligidan o`z ota-onasidan go‘zal odob va yaxshi tarbiya olish huquqi borligi bayon etilgan. “Azal-azaldan har qaysi ota-ona o‘z bolasining sog‘lom va barkamol, aqlzakovatli, baxtli bo‘lishini istaydi. Shunday farzandni voyaga yetkazish, uning hayotda munosib o‘rin egallashiga erishish – ota-onaning eng ulug‘, eng muqaddas orzusi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Ayni vaqtda bugungi shiddatli zamon, hayotning o‘zi yosh avlod tarbiyasi borasida oldimizga yangi-yangi, o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda”. [2] Yosh avlod tarbiyasi mamlakatimiz uchun yana shunisi bilan ham hayot-mamot masalasi hisoblanadiki, O‘zbekiston Respublikasi yosh mustaqil davlat bo‘lib, aholisining 40%ni 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 64%ni esa – 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.[3] Shu sababli, inson huquqlari va erkinliklari sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bolalar va yoshlarning jismoniy, intellektual va ma’naviy rivojlanishi uchun qulay va eng yaxshi sharoitlarni yaratish, shuningdek ko‘p bolali oilalarni, yetim bolalarni va oila muhitidan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.[4] Bugungi kunda yosh avlodni erkin, demokratik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni komil inson qilib o‘stirish, huquq va erkinliklarini himoya qilish va ta’minlab berish fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik, huquqiy davlatni qurishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan har bir jamiyat uchun juda ham muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi. Barcha demokratik davlatlar kabi, mazkur masala, ya’ni yosh avlodni tarbiyalash, bola huquqlari sohasidagi huquqiy madaniyatni shakllantirish jarayoni, O‘zbekiston uchun ham juda ahamiyatli hisoblanadi.

Mamlakatda bola huquqlarini ta’minlash va ularni har tomonlama himoya qilish uchun maxsus huquqiy baza shakllangan desak, adashmagan bo‘lamiz. Jumladan, mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalish sifatida katta e’tibor qaratib kelingan. Xususan 1991-yilning 20-noyabrida, “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi maxsus qonuni qabul qilinganligi bunga dalolat bo‘la oladi. Mazkur Qonunda yoshlarga oid siyosatning maqsadi, O‘zbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari, yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunlarning mazmun-mohiyati qanday bo‘lishi lozimligi, bu boradagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari normalarining ustuvorligi tamoyili ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek bolalarning huquqlari mamlakatimiz Konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida o‘z aksini topgan. Bundan tashqari mustaqil O‘zbekistonimiz 1992-yili BMTning “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasini ratifikatsiya qilishi bilan jamiyatimizda bola huquqlari naqadar, dolzarb masala ekanligini xalqaro miqyosda e’tirof etdi.[5] Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyada to‘rt asosiy yo‘nalish belgilangan bo‘lib, bular yashash, rivojlanish, himoyalanish hamda bolalarning o‘zlariga bevosita tegishli qaror qabul qilinishida qatnashish huquqlarini ta’minlashni o‘z ichiga oladi. Mazkur yo‘nalishlarda qayd etilgan talablarning barchasiga amal qilish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli moddalari bilan mustahkamlangan. Xususan, bosh qomusimizda ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashi, davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlashi, farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi hamda onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi, shuningdek, har kim bilim olish huquqiga egaligi, bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan.[6] Bugungi kungacha mamlakatimiz 70 dan ortiq inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan. Mazkur xalqaro huquqiy hujjatlar orasida bola huquqlariga oid xalqaro normalar muhim ahamiyat kasb etadi. Shu alohida qayd etish kerakki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60-yilligi mamlakatimizda keng nishonlangan 2008-yilda O‘zbekiston parlamenti bola huquqlariga taalluqli quyidagi muhim xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qildi:

  • Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi XMTning konvensiyasini;
  • Bolalar mehnatining eng yomon shakllarini taqiqlash va tugatishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi XMTning konvensiyasini;
  • Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasini (Nyu-York, 2000-yil 15-noyabr) to‘ldiruvchi odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqidagi protokolini;
  • Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakultativ protokolni;
  • Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir, bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli Fakultativ protokolni. [7]

Ayni chog’da mamlakatimiz bolalar manfaatlari va huquqlarini himoya qilishga doir barcha asosiy xalqaro hujjatlarga qo’shilgan. BMTning Balog’atga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov yuritishga doir minimal standart qoidalari (Pekin qoidalari, 1985 yil) hamda Voyaga etmaganlar o’rtasida jinoyatlarning oldini olish uchun bosh tamoyillari (Ar-Riyod bosh tamoyillari, 1990 yil) shular jumlasidandir.

Konvensiya talablariga muvofiq bola huquqlarini mustahkamlagan va ularning himoya qilinish shakllarini takomillashtirgan Fuqarolik va Oila Kodekslari qabul qilingan. Bola huquqlariga oid mazkur xalqaro hujjatlar o‘z navbatida milliy
qonunchilikni takomillashtirishga yordam bermoqda. Jumladan, O‘zbekistonda bola huquqlari va erkinliklari, ularni ta’minlash va himoya qilish masalalari 100 dan ortiq qonunlar bilan tartibga solinishiga qaramay, 2008-yil 7-yanvar kuni, bu sohadagi maxsus qonun hisoblangan O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni kuchga kirdi.[8] O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni O‘zbekistonning huquq tarixida bola huquqlariga oid birinchi maxsus qonun bo‘ldi.

Maqsadiga ko‘ra, mazkur Qonun bolaning huquqiy ahvolini belgilashga doir munosabatlarni tartibga solishga, bola huquqlarini va erkinliklarini yuridik kafolatlashga qaratilgan. Unga binoan, bola huquqlari va manfaatlarini amalga tatbiq etilishini ta’minlaydigan kafolatlarni belgilash qonun bilan tartibga solinadigan asosiy obyekt hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, Qonun normalarining yarmidan ko‘pi bola huquqlarining kafolatlarini belgilashga bag‘ishlangan. [9] Bola huquqlariga oid mazkur xalqaro va milliy normalar mamlakatimizda bola huquqlariga oid davlat siyosatining shakllanishi uchun huquqiy zamin yaratdi. Mazkur siyosat bola huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga solish uchun samarali mexanizmni yaratishga qaratilgan davlat va mahalliy hokimiyat organlarining izchil olib borayotgan faoliyatida namoyon bo‘lmoqda. Shu bois, bola huquqlarini ta’minlash va himoya qilish uchun zarur bo‘lgan huquqiy va tashkiliy sharoitlar va kafolatlarni yaratish mamlakatimizda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Alohida qayd etish kerakki, bola huquqlari va erkinliklari mazkur huquqiy hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa, ularni amalga oshirish bo‘yicha mamlakatda keng ko‘lamli amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan Prezident maktablari, ijod va Temurbeklar maktabi, ixtisoslashtirilgan maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan bola tarbiyasi va ilm olish huquqi davlat siyosatining bosh masalasi sifatida hamisha e’tibordaligi diqqatga sazovordir. Mazkur masalaning dolzarbligi haqida: “Maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratayotganimiz bejiz emas, agar yoshlar tarbiyasiga bugundan e’tibor bermasak, ertaga kech bo’lishi mumkin” deb ta’kidlagandi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev BМТ Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida. [10]u

Yillar o’tgan sayin bola huquqlarini himoya qilishga bo’lgan e’tibor kuchayishi natijasida bugungi kunda bolalar Ombudsmani instituti tashkil etildi. Jumladan, bunday ombudsmanlik instituti Avstriya, Serbiya, Estoniya, Niderlandiya, Tojikiston, Rossiya, Boliviya, Belgiya va boshqa qator mamlakatlarda mavjud. Uning paydo bo’lishi asosan dunyo mamlakatlari Bola huquqlari to’g’risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishgani bo’lsa, yana bir sabablardan bir jahonda bolalarning ijtimoiy himoyalanmaganligidir. Masalan, Buyuk Britaniyada Bolalar Ombudsmani mustaqil institut bo’lib, ular hech bir davlat organ, hattoki Parlamentga ham bo’ysunmaydi. Bu kabi xalqaro tajriba mamlakatimizda unib o’sib kelayotgan bolalar huquqini himoya qilishda mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida 2019 yil 22 aprel kuni Prezidentimiz Sh.Mirziyoev tomonidan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PQ-4296-sonli qarori qabul qilinganligi bu boradagi ishlarning amaliy ifodasidir.[11] Qarorga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman)ga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda «O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman) to’g’risida»gi Qonuni muhim qadam bo’ldi.[12] Bolalar Ombudsmani avvalo bolalar huquqlari himoyasining parlament nazoratini ta’minlaydi. Voyaga etmaganlarning yashash sharoitlari o’rganib, bolalarning individual shikoyatlari bo’yicha surishtiruv olib boradi, hamda mamlakatdagi mavjud bola huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar faoliyati bilan hamohang mazkur kamchiliklarni bartaraf etishga yordam beradi. E’tiborli tomoni bolalar Ombudsmani parlamentga doimo hisobot berib, O’zbekistonda davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan bolalarning huquqlarini himoyasi qanday amalga oshirilayotganini nazorat qilib boradi. 2019 yil 29 mayda qabul qilingan “Ixtisoslashtirilgan o’quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to’g’risida”gi qaror ana shu dolzarb vazifalar ijrosiga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.[13] Shuningdek bola huquqlari bo‘yicha vakil BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini bajarish strategiyasi va bola huquqlari masalalari bo‘yicha boshqa hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi. Aholi o‘rtasida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari masalalari bo‘yicha huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishga ko‘maklashish kabi ko‘pgina muhim vazifalarni amalga oshiradi.
So`ngi yillarda mamlakatda bola huquqlari sohasida axborot-ma’rifat va ta’lim faoliyati sezilarli darajada faollashdi. Ma’rifiy faoliyat bola huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqiy hujjatlarni chop etish, ushbu mavzuga bag‘ishlangan konferensiya, seminar va treninglar o‘tkazishni qamrab oladi. Bundab tashqari bola huquqlariga oid ko`plab huquqiy adabiyot va qo`llanma kitoblar chop etildi. Bu esa mamlakatimizda bola huquqlariga oid huquqiy savodxonlikni oshirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan bir qatorda bola huquqlari mavzusi O‘zbekistonda chop etilayotgan ko‘pgina yuridik, iqtisodiy, pedagogik jurnal va gazetalarda ham yoritib kelinayotganini ta’kidlash joiz. Masalan, bola huquqlari masalasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ombudsman instituti va O‘zbekiston kasaba uyushmalari kengashi, “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan chop etib kelinayotgan “Demokratlashtirish va inson huquqlari”, “Ijtimoiy fikr va inson huquqlari” jurnallari mualliflari uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Har yili jurnal sonlaridan biri butunlay O‘zbekistonda bola huquqlariga rioya qilish masalalariga bag‘ishlanadi. “Bola va Zamin” ilmiy-ommabop jurnali esa, to‘laligicha bolalar mavzusiga bag‘ishlangan.[14] Bola huquqlariga oid xalqaro hujjatlar va milliy qonunchilikni o‘rganish maktabgacha tarbiya muassasalari, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim muassasalari xodimlari, pedagoglar va tibbiyot xodimlari, jurnalistlar, huquqni muhofaza qilish tizimi xodimlari va sudyalar malakasini oshirish tizimining o‘quv dasturlariga kiritilgan.

Bugungi kunda yurtimizda bolalarni ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy jihatdan himoya qilish bo‘yicha juda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli huquqiy baza shakllangan desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi, Jinoyat kodeksi va boshqa bir qator qonun hujjatlarida bolalar huquqlarini himoya qilishga oid normalar o‘z ifodasini topgan. Shuni ta’kidlash joizki, bola huquqlarini himoya qilish sohasida qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun O‘zbekiston xalqaro huquqiy normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yo‘lida katta ishlarni amalga oshirmoqda. Amaldagi qonunchilikda bolalarning huquq va manfaatlariga, shuningdek, ularning himoyasiga alohida e’tibor berilib, bu boradagi huquqiy asos yanada mustahkamlanmoqda.

Bola huquqlari to’g’risidagi konvensiya talablari hamda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida mustahkamlangan tegishli normalarga tayangan holda aytish mumkinki, bugungi O’zbekiston bolalari yangilanayotgan O’zbekistonning baxtiyor farzandlaridir. Chunki ularning barcha huquq va erkinliklarining huquqiy kafolati mavjud bo’lib, har bir bolaga davlat tomonidan alohida g’amxo’rlik va e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ota-ona qaramog’isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o’zlari yashab turgan turar joylarni ular Mehribonlik uylari oila muhittiga mos ravishda ta’minlanmoqda, vasiylik yoki homiylik organining roziligiga ko’ra vasiylikka yoki homiylikka oluvchi bilan birga yashayotgan butun vaqt mobaynida, o’n sakkiz yoshga to’lgunga qadar ana shunday sharoitda tarbiyalanish huquqiga ega bo’lishgani tahsinga sazovrdir. Umuman, bugungi kunda O‘zbekistonda bola huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘ziga xos milliy-huquqiy tizim shakllangan bo‘lib, ayni paytda mamlakatimiz bu yo‘lda dadil qadam tashlayotgan davlatlardan biridir.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mamlakatimizda bolalar huquqini himoya qilishning zarur huquqiy bazasi yaratildi. Unga ko‘ra, bola huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish mexanizmi ishlab chiqilib, davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining izchil olib borilayotgan faoliyatida namoyon bo‘lmoqda. Shu bois bola huquqlarini ta’minlash va himoya qilish uchun zarur bo‘lgan huquqiy va tashkiliy sharoitlar va kafolatlar yaratish O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Axmedov B. Islom dini bola tarbiyasining muhim jihati. // Voyaga etmaganlar va yoshlar huquqlarini himoya qilish tizimi: muammolar va echimlar. Ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. – T.: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi,” KONSAUDITINFORM-nashr”, 2008 y.
2. “Amaldagi islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini barpo etish porloq kelajagimizning asosiy omilidir”. Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 21 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida / Xalq savollari, 2013 yil 7 dekabr.
3. https://stat.uz/uz/matbuot-markazi/e-lonlar/64-matbuot-markazi/5677-bu-qiziq
4. Bola huquqlari monitoringi. O‘quv qo‘llanma /mas’ul muharrir A.H.Saidov. – T.: O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari milliy markazi, 2011 y.
5. Inson huquqlari bo’yicha xalqaro shartnomalar (jami). – T.: “Adolat”, 2004 y.
6. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – Toshkent: “O‘zbekiston”, 2021 yil.
7. Mo‘minov A.R, Tillabayev M.A.Bola huquqlari: darslik / mas’ul muharrir A.H.Saidov. – T.: “Adliya” nashriyoti”, 2014 y.
8. O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami. – T.:2008.
9. Bola huquqlari monitoringi. O‘quv qo‘llanma /mas’ul muharrir A.H.Saidov. – T.: O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari milliy markazi, 2011 y.
10. https://strategy.uz/index.php?news=615&lang=uz
11. https://lex.uz/docs/-4302023
12. https://president.uz/oz/lists/view/973
13. https://m.kun.uz/uz/news/2019/05/30/prezident-qarori-respublika-ogil
14. bolalar ta’lim-tarbiya muassasasi-va-Respublika-qiz-bolalar ta’lim-tarbiya muassasasi-tashkil etilgan.
15. Bola huquqlari monitoringi. O‘quv qo‘llanma /mas’ul muharrir A.H.Saidov. – T.: O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari milliy markazi, 2011y.

 

Ubaydullayev Saydullo Abdukaxxor o’g’li

Toshkent Davlat Yuridik Universiteti 4 bosqich talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications