Qanday oilalar ko‘p bolali oilalar hisoblanadi va ularga qonunchiligimizga ko‘ra  imtiyozlarning mavjudligi haqida

Oila qonunchiligiga ko’ra to‘rt nafar va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan oila ko‘p bolali oila hisoblanadi. Agar to‘rt nafar va undan ortiq bolalaridan bir nafari yoki undan ko‘prog‘i ta’limning kunduzgi shaklida (o‘rta maxsus va professional, oliy ta’lim) ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan hamda yigirma ikki yoshga to‘lmagan bo‘lsa, bu oila ham ko‘p bolali oila hisoblanadi. Qonunchiligimizga asosan, davlat ko‘p bolali oilalarga quyidagi imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini ta’minlaydi. 

Uy-joy bilan bog‘liq bo‘lgan sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoji bor ko‘p bolali oilalar ko‘p kvartirali uylardan imtiyozli kreditlar asosida uy-joy olishi, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlari hamda xotin-qizlarga ajratiladigan arzon uy-joylardan uy (kvartira) olishi mumkin. 

Tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan moliyaviy yordamlar ko‘rsatiladi.

Ko‘p bolali oilalarning iqtidorli farzandlari Yoshlar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar idoralararo kengashlari qarori bilan quyidagilarni amalga oshirish orqali moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi:

Birinchidan, zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash;

Ikkinchidan, asosiy turdagi o‘quv qurollari bilan ta’minlanishi kerak;

Uchinchidan, badiiy kitoblar bilan ta’minlash;

To‘rtinchidan, bolalar gazeta va jurnallariga obuna qilish;

Beshinchidan, respublika oromgohlarida dam olishini tashkil etish;

Oltinchidan, respublika bo‘ylab sayohatga borish va kelish xarajatlarini qoplash.

     Ko‘p bolali ota-onalar uchun ish o‘rinlarining eng kam soni tuman (shahar) hokimlari tomonidan belgilanadi, shuningdek, tashkilotlar tomonidan zaxiraga qo‘yiladi. Binobarin, bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari bajarilishini birga qo‘shib olib borish imkonini beruvchi ishning moslashuvchan jadvaliga ega bo‘lgan ish o‘rni yaratiladi.

Ko‘p bolali oilalarning bolalari davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishda imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi.

Uy xo‘jaligida qoramol boqish uchun sharoit va imkoniyatlari, shu jumladan yer uchastkasi mavjud ko‘p bolali oilalarga bepul qoramol berilishi mumkin

 Boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘idan ozod qilingan.

Raxmatillayev Jasurbek Raxmatilla o‘g‘li

TDYU Ixtisoslashtirilgan filiali
“Xususiy huquqiy fanlar kafedrasi” o‘qituvchisi
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications