INSONPАRVАRLIK KOMISSIYASI XАLQCHIL YONDOSHUV IFODАSI

Xalqimiz uchun azaliy qadriyat hisoblangan insonparvarlik, shuningdek inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini oliy qadriyat deb tan olish kabi umuminsoniy va konstitutsiyaviy tamoyillarning amalda taʼminlanishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar
va yangilanishlarning asosiy mezoni hisoblanadi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 29 dekabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yoʼllangan Murojaatnomada ham inson huquq va erkinliklarining eng muhim va dolzarb tamoyili, yaʼni insonparvarlikni amalda roʼyobga chiqarishga qaratilgan qarashlar bayon etildi. Xususan, Murojaatnomada jazoni yengilrogʼi bilan almashtirish va shartli ozod qilish toʼgʼrisida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish organidan Insonparvarlik komissiyasiga oʼtkazilishi taʼkidlandi.

Аdolatli jinoiy jazo tayinlanishi — mahkumni axloqan tuzatish, mahkum
va boshqa shaxslar tomonidan yangi jinoyatlar sodir etilishini oldini olishga erishishda muhim ahamiyatga ega boʼlishi bilan bir qatorda jazo tayinlashdan koʼzlangan maqsadga erishishning samaradorligini oshiradi. Garchi, jinoyat qonunidagi javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga koʼra qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi lozim boʼlsada, ushbu prinsip har doim ham jazo qoʼllanilishi shartligini anglatmaydi.

Jinoyat uchun jazo tayinlashda jinoyat qonuni qanchalik mukammal yondoshuvni belgilab, shuningdek jazo tayinlashga oid munosabatni qanchalik batafsil yoritgan boʼlishiga qaramasdan har doim ham jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga toʼsqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etishining oldini olishning qatʼiy kafolatini bermaydi.

Shu sababli ham qonun chiqaruvchi avvalo shaxsning ijtimoiy xulq-atvori xususiyatidagi oʼzgarishlardan kelib chiqqan holda shaxsga jazo tayinlamaslik yoki mahkumni tayinlangan jazodan ozod qilish imkoniyatini nazarda tutgan. Аlbatta, shaxsga nisbatan tayinlanadigan jazo maqsadga muvofiq boʼlishi uchun jinoyat qonunidagi jazodan ozod qilishga oid normalar mukammal ishlashi va har bir holatda ushbu normalarga qatʼiy eʼtibor qaratilishini taqozo qiladi.

Mahkumda jazoni ijro etish davrida qoʼllanilgan taʼsir choralarining mavjudligi, oʼz-oʼzidan, uning tayinlangan jazoni oʼtashni davom ettirishi zarurligidan dalolat bermaydi. Mazkur masalani hal etishda, har doim, nafaqat bevosita iltimosnoma kiritilishi arafasida, balki jazoni oʼtashning butun davrida mahkum tomonidan yoʼl qoʼyilgan har bir tartib-buzarlikning muayyan holatlari, ogʼirligi va xususiyati, taʼsir choralari olib tashlanishi yoki tugallanishiga oid maʼlumotlar, oxirgi taʼsir chorasi qoʼllanilganidan soʼng oʼtgan vaqt, mahkumning keyingi xulq-atvori va uni tavsiflovchi boshqa maʼlumotlar inobatga olinishi lozim.

Jinoiy jazolarni insonparvarlashtirish oʼz navbatida shaxsni ijtimoiy ogʼir ahvolga tushib qolishini oldini olish, tayinlangan jinoiy jazodan ijobiy xulosa chiqarish, jamiyat tartib-taomillarini qabul qila olish, eng muhimi tayinlangan jinoiy jazoning insoniyligi va sudning chinakam odilligini his qila olishini nazarda tutadi.

Maʼlumki, sodir etilgan har bir jinoyat uchun jazo muqarrar boʼlsada, jinoyat qonunida belgilangan jazodan koʼzlangan maqsadga erishish birlamchi boʼlishi lozim. Chunonchi, jazo va boshqa huquqiy taʼsir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini koʼzlamaydi. Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli boʼladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy taʼsir chorasi qoʼllanilishi kerak.

Shunga koʼra, jazoni oʼtashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrogʼi bilan almashtirish mahkumlarni qayta tarbiyalash, ular tomonidan takroran jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, shuningdek insonparvarlik kabi jinoyat-huquqiy prinsipni amalda namoyon boʼlishida oʼziga xos ahamiyatga ega.

Аdashgan, xato qilgan shaxsga imkoniyat berish orqali uni yana jamiyatga qaytarish, uning xulq-atvoridagi nuqsonlarni imkoniyat berib, xolis va odilona qarash orqali bartaraf etishdek insonparvarlikning yuksak ifodasi namoyon etildi.

Shaxsni jazodan shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʼi bilan almashtirish tashabbusi bilan chiqish jazoni ijro etuvchi organ nuqtai nazariga bogʼliqligi adolat tamoyiliga mos kelmasligi eʼtirof etildi. Darhaqiqat, bunday yondoshuv bir tomonlama yondoshuvni ifodalab, jinoyat qonunchiligida aks etgan insonparvarlik printsipini har doim ham toʼla-toʼkis roʼyobga chiqarish imkonini bermaydi.

Insonparvarlik komissiyasi shaxsni jazodan shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʼi bilan almashtirishda jazoni ijro etuvchi organ nuqtai nazari bilan emas, balki jamiyat nuqtai nazari bilan qarash, jazoni ijro etish taomillari bilan yondoshmasdan, umumeʼtirof etilgan milliy qadriyatlar va anʼanalar bilan yondoshishga, pirovard natijadan mahkumning ham roziligiga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Insonparvarlik komissiyasini xolis tuzilma sifatida jazodan shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʼi bilan almashtirishda jamiyat va davlat oʼrtasidagi koʼprik vazifasini oʼtashga xizmat qiladi. Insonparvarlik komissiyasi shaxsning ozodligi masalasida tashabbus bilan chiqishda har tomonlama, batafsil va xolis yondoshuvi bilan jamiyatda adolat gʼoyasini qaror toptirishda oʼziga xos oʼrin tutadi. Shaxsning sodir etgan qilmishidan toʼgʼri xulosa chiqarganligi va xulqida ijobiy oʼzgarishlar sodir boʼlganligi, jamiyatga qaytish va qayta tiklanishga tayyorligi uni jazolamasdan turib tarbiyalash mumkin degan qatʼiy va xolisona tashabbuslarni shaklantirishga xizmat qiladi.

Murojaatnomada qayd etilishicha, mazkur yengillik asosida hozirgi kunda jazo muddatini oʼtayotgan 6 ming nafar shaxsga oʼz mahallasi nazorati ostida oilasi bagʼrida boʼlish imkoni yaratiladi. Bundan tashqari, ushbu tadbirlarni amalga oshirishilishi mahkumlar va ularning oila aʼzolarini rozi qilish, xato qilgan shaxslarga imkoniyat berish orqali ularning xulqini maqsadli tuzatish, pirovard natijada jazoni ijro etish tizimida adolat va insonparvarlik tamoyillarini toʼla-toʼkis roʼyobga chiqarilishi taʼminlanadi.

Samariddin Kamoliddinovich Ochilov
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali Jinoyat-huquqiy fanlar kafedrasi mudir v.b.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications