Saylov – 2021: Kelajak xalq tanloviga bog’liq!

Annotatsiya: Maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, uning keyingi farovon hayotning poydevori ekanligi, uning adolatli o‘tishi qanchalik muhim ekanligi bir O‘zbekiston fuqarosining tasavvurida qanday ekanligi yoritilgan.

Kalit so‘zlar: saylov, Prezident, fuqaro, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, adolat, farovon hayot, loqaydlik.

Intiqib kutilayotgan 2021-yil 24-oktabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligiga muvofiq Prezident saylovi bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan sanadir. Bu kun muhim sana sifatida tarix zarvaraqlariga muhrlanib qolinadigan kundir. Bu kun keyingi farovon besh yil uchun poydevor qo‘yiladigan sanadir. Bu kun nafaqat davlatning, balki xalqning buyuk kelajagini yaratish uchun zamindir. Faqatgina…

Barchamizga sir emaski, joriy yilning oktabr oyida umumxalq prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Allaqachon saylovoldi dasturlarning e’lon qilinib nomzodlar tomonidan saylovoldi tashviqotlar olib borilishi boshlab yuborilgan. Lekin qachonki bizning xalqimiz, O‘zbekiston fuqarolari, o‘z taqdirlariga va millat ravnaqiga befarq va loqayd bo‘lib qolsalar, bu tadbirlar umuman ahamiyatsiz bo‘lib qolishi mumkin! Chunki saylovda hattoki birgina ovoz ham hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanib birgina fuqaroning loqaydligi, ya’ni saylovda ishtirok etmasligi yoki saylovga jiddiy yondashmaslik natijasida faqatgina o‘z kelajagini emas, balki butun bir millatning ravnaqiga to‘g‘anoq bo‘lishi mumkin. Qonunchiligimizga ko‘ra, faqat O‘zbekiston fuqarolari (O‘zbekiston xalqi) o‘z prezidentini saylash huquqiga ega. Aynan ularning ko‘pchilik ovozi orqali davlat prezidenti saylanadi, aynan ular xalq uchun porloq kelajakni yaratishga qodir nomzodga ovoz beradilar, aynan ularning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega va aynan ularning o‘zlari o‘zining keyingi farovon yoki muammolarga to‘la hayotini belgilab oladilar. Shu sababli barcha fuqarolarimiz befarqlik kayfiyatidan qutulib o‘zlarining siyosiy huquqidan aktiv foydalangan holda saylovda munosib nomzodga ovoz berishlari lozim.

Yosh huquqshunos sifatida saylovchilarga quyidagi tavsiyalarni keltirib o‘ta olaman:

birinchidan, nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan yaqindan tanishib chiqing va o‘z ehtiyojlarizdan kelib chiqib ulardan biriga ovoz bering;

ikkinchidan, atrofingizda bo‘layotgan hodisalarga, ayniqsa saylov kuni, judayam e’tiborli bo‘ling. Har qanday adolatsizlikni inkor eting va adolatni ta’minlash uchun qo‘lingizdan kelganini qiling;

uchinchidan, farzandlaringiz, qarindosh va yaqinlaringizni saylovda faol ishtirok etib o‘zlari munosib deb topgan nomzodga ovoz berishiga targ‘ib eting.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 117-moddasiga muvofiq, ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi har bir saylovchi uchun kafolatlatlanadi. Shu bilan birga, ayni moddaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar. Bunga faqatgina sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarda, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarda istisno tariqasida saylash huquqi mavjud emas. Yana bir jihatni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasida saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.

Savol tug‘ilishi tabiiy: nima sababdan kelajak xalq tanloviga bog‘liq? Bunga quyidagi sabablarni keltirib o‘tishimiz mumkin:

birinchidan, har bir nomzodning saylovoldi dasturi turli hayot jabhalarini qamrab oladi. Ba’zilari ko‘proq e’tibor qaratgan jihatlar ba’zilarining e’tiboridan chetda qoldirilishi yoki muhim bo‘lmagan muammo sifatida qaralishi mumkin;

ikkinchidan, nomzodlardan biri prezidentlikka saylanganidan so‘ng, albatta o‘z faoliyatlarini ayni saylovoldi dasturiga asoslangan holda olib boradi chunki unda hisobdorlik mas’uliyati mavjud;

uchinchidan, agarda ular o‘z dasturida keltirilgan ishlarni amalga oshira olmasalar, ularga nisbatan xalq ishonchi yo‘qoladi va natijada ular qayta saylanishdan umidlarini uzadilar;

to‘rtinchidan, fuqarolarimizda huquqiy ong va madaniyat darajasi qanchalik yuqori ekanligini, o‘z va jamiyat ehtiyojlarini qanchalik darajada to‘g‘ri anglay olish qobiliyatini keyingi besh yillik ko‘rsatib beradi. Chunki agar ular to‘g‘ri tanlov qila olgan bo‘lsalar, shaxs, jamiyat va davlat rivojlanadi. Yoki aksincha!

Quyida saylovning naqadar muhim siyosiy va ijtimoiy jarayon ekanligini yaqqol ko‘rsatib beruvchi bir misol keltirib o‘tishni lozim deb bildik. Har bir ota-ona bor ekan, o‘z farzandining baxt-u kamolini, farovon tarzda yashashligini, millat va davlat ravnaqiga hissa qo‘shishini xohlaydi. Ayni maqsadda uni o‘qitadi, unga bilim beradi va sog‘lom qilib o‘stiradi. Ular o‘zlarining butun umrini farzandlariga baxshida etadilar, o‘zlari yemasalarda, yediradilar, kiymasalarda, kiydiradilar. Bu yo‘lda qancha mashaqqatlar va zahmatlar bo‘lishini bir tasavvur qiling ko‘ring a?! Lekin ular bu yo‘lda hech ham charchamasdan, o‘z yo‘llarida sobitqadam davom etadilar. Bunga yagona sabab esa kelajakka ishonch! Men saylovni ayni vaziyatga o‘xshataman. Har bir ota-ona o‘z farzandining kelajagini qanchalik o‘ylasa, saylovga shunchalik e’tiborli bo‘lishi lozim deb hisoblayman. Chunki keyingi besh yillik uning farzandini talaba qilishi, keyingi besh yillik uning farzandini ishli va uy-joyli qilishi yoki aksincha uning hayotini butunlay vayron qilishi mumkin. Zero, saylov bu kelajakni yaratish, uni o‘zi xohlagandek qilib amalga oshirishdir. Uning yaxshi yoki yomon bo‘lishligi faqat va faqat bizga bog‘liq!

Xulosa o‘rnida shuni ayta olamizki, fuqarolarimizdan loqaydlik kayfiyatini yo‘qotmasdan, saylovning qanchalik muhim ekanligini ularga tushuntirmasdan, ularda huquqiy ong va madaniyatni shakllantirmasdan chinakam fuqarolik jamiyatiga o‘ta olmaymiz. Zero, Allah taolo muqaddas Qur’oni Karimning Ra’d surasi 11-oyatida shunday marhamat qiladi: “Aniqki, to biron qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha Alloh ularning ahvolini o‘zgartirmas”.

 

Jo‘rayev Xushnazar Bahodir o‘g‘li,

Toshkent davlat yuridik universiteti,
Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik
fakuletining 3-kurs talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications