Til – millat ko’zgusi

Ma’lumki, dunyodagi 200ta til bugunda davlat tili maqomiga erishgan bo‘lib, shular orasida o‘zbek tili ham bor. YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 6 ming 909 til mavjud bo‘lib, ulardan atigi 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Ular qatorida ona tilimiz – o‘zbek tilining borligi har birimizning qalbimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi.

O‘zbek tilining nufuzi bugungi kunda xalqaro maydonda ham ortib bormoqda. Bir qator xorij mamlakatlaridan kelib, yurtimizda o‘zbek tilini o‘rganib ketayotganlar ham ko‘payib bormoqda. Turli mamlakatlardagi o‘quv yurtlarida o‘zbek tili o‘rganilmoqda.

Bu esa, har birimizning qalbimizda faхr-iftiхor tuyg‘ularini uyg‘otadi, uning hayotimizda o‘rnini topishi o‘zligimizning namoyon bo‘lishidir. Ayni chog‘da orzu-umidlarimiz, o‘zligimiz bo‘y ko‘rsatadigan qalbimiz oynasi hamdir. Shunday ekan, ona tilimizga doimo hurmat va e’tiborda bo‘ib, uning jamiyatimizdagi mavqeyini yuksaltirishga har birimiz o’z hissamizni qo‘shmog‘imiz kerak. Zero, til bor ekan, millat barhayot, uning istiqboli nurli va charog‘ondir. Tariх silsilasida tilimiz ne-ne qarshiliklarga uchramadi. Har safar ularni engib o‘tib, oldimizda o‘z go‘zalligini namoyon qildi. Tarix guvohki, mana bir necha ming yillardan beri ona tilimiz hanuzgacha o‘zining ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. O‘zbek tilining eng ahamiyatli jihati shundaki, u shunday shirali, har bir quloqqa xush yoqadi, eshitgan inson entikib ketadi. Jonajon tilimiz, shoir Mirtemir aytganidek, yoshligimizdanoq jon-u qulog‘imizga singib ketgan. Onalarimiz aytgan allalari-yu, bobo-buvilarimizdan eshitgan ertak, hikoya, rivoyat va masallar orqali yuragimiz tub-tubigacha kirib borgan, o‘z navbatida ona tilimizga, ona vatanimizga muhabbat uyg‘otgan.

O‘zbekistonning har bir fuqarosi o‘z ona tilisini sevadi, uni hurmat qiladi va eʼzozlaydi. Chunki aynan shu til orqaligina har qanday millatning qay tarzda yashayotganligini, rivojlanayotganligini, yoki aksincha, orqada qolayotgan va qashshoqlashib borayotganligini bilishimiz mumkin. Shuning uchun ham bejizga: “Til – millat ko‘zgusi”, – deyishmaydi. Til – millat ko‘zgusi, ma’naviyat sarchashmasidir. Shu bois ona tilimizni hurmat qilish, uning boy imkoniyatlarini o‘rganish barchamizning asosiy burchimiz bo‘lishi lozim. O‘zbek tilining rivoji, taraqqiyoti, teran tadqiqi va tashviqi borasida hali ko‘p ishlarni qilishimiz zarur. Borligimiz, davlatimiz ramzi bo‘lgan bebaho boyligimizga mas’ullik hissi hech birimizni hech qachon tark etmasin.

Milliy tilimizga, ona tilimizga bo‘lgan eʼtibor, nafaqat bugungi kunda, balki tarixning barcha davrlarida ham dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Shu o‘rinda bobolarimiz aytgan quyidagi purmaʼno fikrlarni eslaylik: “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurgon oyinayi hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmak millat ruhini yo‘qotmakdur” (M.Behbudiy). Eʼtibor beryapsizmi, milliy tilni yo‘qotmak millat tilini yo‘qotmakka qiyoslanmoqda. Darhaqiqat, tilning ahamiyati, uning mavjudligi har qanday yurt, millat taraqqiyotini belgilab berishi shubhasiz. Ayniqsa, bugungi globallashuv dunyo xalqlarining turmush tarzi umumiylik kasb etgan bir davrda yuqoridagi so‘zlarning zalvori ikki hissa ortadi. Til buyuk ne’matdir, har bir millat o‘z tilini e’zozlasa, qadrlasa, taraqqiyoti uchun jon kuydirsa, u til go‘zal, betakror va buyuk bo‘lib qolaveradi! Har bir xalq aziz va muqaddas bo‘lgan o‘z tilini asrash, rivojlantirish, jozibasini to‘la namoyon etish uchun harakat qiladi, chunki unda xalq tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati ifodalanadi.

Millatlarni millatlardan ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri ham tildir. Dunyoda har bir xalqning o‘z tili uning bebaho boyligi, iftixori, najoti hisoblanadi. Hikmatli so‘zlar, she’ru dostonlar, qo‘shiqlar avvalo biror bir millatning ona tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan u millat boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, obro‘siga ega bo‘ladi. Har bir xalqqa o‘z tili aziz va ardoqli. Sho‘rolar davrida rus tili Ittifoq tili sifatida rivojlantirildi. U jahon tillari darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, ko‘p ming asrlik tarixga ega bo‘lgan turkiy xalqlar ham o‘z ona tillari dunyodagi hech bir xalqning tilidan kam emasligini yoqlab chiqdilar. Bu yo‘ldagi sun’iy to‘siqlarni pisand etmadilar. Mustaqillik arafasida oilaviy va bozor tili darajasiga tushib qolgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi taklif va kurashlar samarasiz ketmadi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Davlat hujjatlari, davriy nashrlar, darsliklar ona tilimizda yozila boshlandi. Bu xalqimiz ruhini ko‘tardi. Sho‘rolar davrida ham o‘zbek tilini tiklashga, uni Davlat tiliga aylantirishga intilish kuchli bo‘lgan. Xususan, ona tiliga bag‘ishlangan turli tadbirlar o‘tkazishga harakat qilingan bunday tadbirlar ayniqsa, mustaqillik arafasida tez-tez o‘tkazila boshlangan.

Har yili 21-oktabrni o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlab kelmoqdamiz. Har bir yildagi bayram turli shiorlar ostida o‘tkaziladi. «Ona tilim — jonu dilim», «Tilga e’tibor — elga e’tibor», «Til — millat ko‘zgusi» shular jumlasidandir. 21-oktyabr oʻzbek millati uchun qutlugʻ sana. Bundan 32 yil burun shu kuni xalqimiz ming yillik ulugʻ orzusiga yetishdi. Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu yil oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil toʻlmoqda. Mana bir necha kunki, ba’zi “ziyoli”larning rus tiliga rasmiy maqom so‘rab yozilgan murojaat хati millatimizning barcha jonkuyarlarini o‘zaro birlashib, tilimizni asrash yo‘lida birlashtirmoqda. Ma’lumki, o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga bu yil 30 yil to‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir”, deb ko‘rsatib qo‘yilgan. Mazkur hodisa ona tilimizni asta-sekin yo‘qolib ketish хavfidan qutqardi. 24 moddadan iborat bo‘lgan “Davlat tili haqidagi” Qonunning 2-moddasida “O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitusiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi”, deb yozilgan. Qonunning 3-moddasida esa “Fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z хohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga egadirlar” , deb belgilangan. Bulardan ko‘rinadiki, O‘zbekistonda yashovchi boshqa millat vakillarining tiliga ham huquqiy maqom berilgan. Xalqning ma’naviy olami dastlab uning tilida aks etadi. Xalqning tili asosida uning ruhiyati va ma’naviy qiyofasi haqida hukm chiqarish mumkin. Xalqimizda til bilgan el biladi, deya bejiz aytilmaydi. Shu sababli, boshqa tillarni o‘rganish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, boshqa tillarni o‘rganish o‘z ona tili hisobiga amalga oshirilishi kerak emas. Aks holda, biz o‘zligimizni unutamiz. To‘g‘ri, til bilish – bugungi kunning talabi. Bugungi globallashuv davrida o‘zbek tilining qo‘llanishini zamona talablariga muvofiq olib borishimiz kerak. O‘zbek tiliga va o‘zbek tilidan tarjima qiladigan elektron tizimlarni yaratishni tezlashtirishimiz zamonaviy ishlab chiqarishning teхnologik jarayonlarida qo‘llashimiz darkor. Barcha tashkilotlar davlat tili bo’lmish o‘zbek tilida ish yuritishi uchun olimlarimiz tomonidan har bir sohaning terminologiyasi ishlab chiqilishi zarur. Buning uchun o‘zbek tilini zamonaviy ilm-fan tiliga aylantirishimiz bugungi kunning talabidir. Shundagina boshqa til vakillari ham tilimizni hurmat qilishadi va tan olishadi. Zero, Cho‘lpon aytganidek: “Til yashasa – millat yashar!”

Darhaqiqat, millat bor ekan, til ham yashaydi. O‘zini shu ajoyib makon – nurli O‘zbekistonning farzandiman degan odamni, qayd etilgan fikrlar o‘ylantirmasdan qo‘ymaydi, so‘ng esa uning taqdiri uchun kurashlarga chorlaydi. Bu kurash uning qalbida g‘alayonlar ko’taradi. Ana shu g‘alayonlar esa uning o‘zligini, ona tilisi – o‘zbek tilining shukuhini his qilishga undaydi. Mana shu shukuh unda milliy g‘ururni shakllantiradi. Ayni chog‘da, tilga – ona tiliga muhabbatini uyg‘otadi. Tiliga nisbatan qalbida muhabbat bo‘lgan odam ona Vataniga, хalqiga хiyonat qilmaydi. Tilimiz esa o‘zining qudratiga, kuchiga ega bo‘ladi. xalqimiz hech qachon asrlar davomida o‘zligini yo‘qotmaydi

2019 yilning 4-oktyabr kuni mamlakatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Ushbu hujjat ham tarixiy. Negaki, yurtimizda til kunini nishonlash toʻgʻrisida hali biror marta davlat rahbari tomonidan qaror imzolanmagan edi . Til bayramining mazmunli va qiziqarli o‘tishi har bir o‘quv yurti muallimlarining aql- zakovati, o‘z kasbini qanchalik chuqur egallaganligiga bog‘liq. Til bayramiga taniqli yozuvchi, shoirlar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar taklif etiladi. Ular yoshlarga til bilish barcha muvaffaqiyatlarning garovi ekanligini, har bir inson avvalo o‘z ona tilini, qolaversa boshqa tillarni sevib o‘rganishlari zarurligini uqtirib o‘tishadi. Til bayramlarida til haqidagi hikmatli so‘zlar, she’rlar, qo‘shiqlar yangraydi. Shu kuni radio va televideniye orqali til bayramiga doir qiziqarli chiqishlar uyushtiriladi. Til bayrami insonni ona tiliga va o‘z xalqiga bo‘lgan mehr-muhabbatini jo‘sh urdiruvchi betakror bayramdir.

Tilni shunchaki “aloqa vositasi” deguvchilar adashadi. U insonning ichki dunyosini koʻrsatadi, olamni idrok qilishiga yordamlashadi, tafakkur tarzi va kamolotini belgilab beradi. U dunyoni anglashga yoʻl bo’lib, til milliy gʻururdir.

Tilda millat ruhi yashaydi, millat hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar tilda xuddi ko‘zgudek aks etib turadi. Ulug‘ bobokalonimiz Abdulla Avloniy aytganlaridek: “Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.
Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi. Dunyodagi barcha xalqlar o‘zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda har ikki xaftada bitta til yo‘qolib bormoqda. Bu o‘z navbatida o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalqlarning yo‘qolishini anglatadi. Til – millatning ma’naviy boyligidir. Til nafaqat muammola vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga xurmat esa o‘z navbatida o‘zaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarni saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va xurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham xar bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi. XXI asr o‘rtalariga borib, Xitoy tili asosiy til bo‘lib olishi mumkin. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir millon kishi so‘zlashishi kerak ekan. Ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarning namunasidir. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsolidir. U millatni yagona xalq sifatida o‘z atrofida birlashtiradi va dunyoda borliqni ta’min etadi. Har bir millatning o‘z Vatani, oilasi bo‘lgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham bo‘ladi. Inson uchun uning vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo‘lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas bo‘ladi. Hattoki, go‘dak ham o‘z vatanini, ota-onasini, dunyoni o‘z ona tili orqali anglaydi va atay boshlaydi. Farzand tarbiyasida onaning o‘rni beqiyos bo‘lganidek, insonning hayotda o‘z o‘rnini topishida, kamolotga erishuvida tilning o‘rni ulkan ahamiyatga ega. Shu bois tilni, onaga qiyoslab ona tili deb ataydilar. Til inson vujudida qon-qoniga singib oqadi. Jamiki, ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi va ona tilining bebaho jozibasi orqali singadi. Inson qalbida ona tiliga nisbatan sof tuyg‘u, mehr-muhabbat alanga oladi. Turk dunyosining buyuk marifatparvar ijodkori Ismoilbek Gaspirali aytganidek : “Millatning ikki asosi bordur. Bu ularning tili va dinidur. Agar millat hayotidan shu ikkisidan biri sug‘urib olinsa, bu millat tanazzulga yuz tutur”.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, tilni sevish, uni ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng hisoblanadi. Har qaysi xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida o‘z ifodasini topadi. Til – millat ko‘zgusi, deb bejiz aytilmagan. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko‘hna va serqirra madaniyati o‘zbek tili ta’sirida shakllangan. Ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy shu tilda bebaho asarlar yaratib, dunyoni lol qoldirgan. Bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida davlatimiz delegatsiyalari tashrifi, yoshlarimiz yutuqlari, sportchilarimiz g‘alabalari sharafiga o‘zbek tilida madhiyamiz kuylanayotir.

O‘zbek tilini rivojlantirish faqat tilshunoslar, shoir yoki yozuvchilarning ishi emas, balki mana shu yurtda yashab, shu yurtning changini yutib, suvini ichib, tuzini totib yashayotgan har bir insonning vazifasi hisoblanadi. Oddiy dehqon bo‘laylik yoki quruvchi, qaysi soha vakili bo‘lishimizdan qat’iy nazar, davlat tilining rivoji uchun hissa qo‘shish shu Vatan, shu xalqqa bo‘lgan farzandlik burchimizdir.

 

Turg’unov Ixtiyorbek Ortig’aliyevich
Toshkent davlat yuridik universiteti 4-bosqich talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications