Toki siz biror yerda ishlar ekansiz, ish faoliyatingiz davomida turli voqea-hodisalarga duch kelishingiz turgan gap. Ko‘p hollarda biz o‘zimizning ishdagi majburiyatlarimizni juda yaxshi anglagan holda, elementar huquqlarimiz va ularni qonun nuqtai nazaridan qanday amalga oshirish mumkinligidan bexabar bo‘lamiz. Misol uchun, ishdan bo‘shayotganimizda yoki, deylik, kasal bo‘lib qoldik, xodim sifatida qanday huquqlarimiz bor?
Xabardor bo‘lish – qurollangan bo‘lish demakdir. Huquqshunos bo‘lmay turib, biz o‘zimizning huquqlarimizdan xabardor bo‘lib qo‘yishimiz, har qanday vaziyatda jangovar holatda bo‘lishimizni va hechkim bizga ish vaqtida noqonuniy harakatlarni amalga oshira olmasligini bildiradi.
Sizning ishdagi huquqlaringiz:
- Mehnat shartnomasi tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining VI bobi
Mehnat shartnomasi – bu shunday hujjatki, unda sizning ish joyingiz, mehnat vazifangiz, ishingizning boshlangan kuni, mehnat haqingizning miqdori va mehnatning boshqa shartlari to‘la belgilab qo‘yiladi.
Sizni hech kim sizga yoqmaydigan joy yoki sharoitda ishlashga majbur qila olmaydi. Mehnat shartnomasi tuzilgan holda, hech bir sababsiz ishdan ham bo‘shatib yuborishlari mumkin emas. Biroq siz uni bekor qilishingiz mumkin, ayrim rasmiyatchiliklarga rioya qilgan holda: qonunga ko‘ra xodim ish beruvchini ogohlantirgan holda mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega (MKning 99-moddasi).
Mehnat shartnomalari muddatli yoki muddatsiz bo‘lishi mumkin. Muayyan muddatga tuziladigan shartnomalarning muddati maksimal 5 yil. Biroq siz ertaroq bo‘shamoqchi bo‘lsangiz, ish beruvchini 2 hafta oldin bu haqida ogohlantirib, mehnat shartnomasini bekor qilsangiz bo‘ladi. Ikki haftani ishlab bermasdan faqatgina ish beruvchining roziligi bilan ketishingiz mumkin.
Mehnat shartnomasi har ikkala tarafning roziligi bilan tuziladi – sizning va ish beruvchining. Shartnoma yozma bo‘lishi kerak, og‘zaki shartnoma hech qanday kuchga ega emas.
- O‘z vaqtida maosh olish huquqi
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining IX bobi
Mehnat shartnomasi tuzayotganda, mehnatingizga qaysi payt va qancha miqdorda haq to‘lashlarini, maoshingizdan ushlab qolishayotgan bo‘lsa yoxud kechiktirib to‘lashayotgan bo‘lsa, sizning qanday huquqlaringiz borligini bilishingiz lozim. Ish beruvchi ish haqini qanday va qachon xohlaganda emas, balki qonunda belgilangan tartibda to‘lashi shart. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 153-moddasiga ko‘ra mehnat haqining miqdori ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi va 161-moddaga muvofiq bir oyda 2 marta to‘lanishi lozim. Alohida hollardagina xodimlarning ayrim toifalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan ish haqi to‘lashning boshqa muddatlari belgilab qo‘yilishi mumkin. Agarda xodim ishdan bo‘shasa, hisob-kitob o‘sha kunning o‘zidayoq amalga oshiriladi, keyinroq emas. Ta’til uchun haq to‘lash esa ta’til boshlanmasidan oldingi ohirgi ish kunidan kechikmay amalga oshiriladi (MK 148-modda). Ta’til tugaganidan keyin haq to‘lash mutlaqo qonunga zid hisoblanadi. Ish beruvchining aybi bilan mehnatga haq to‘lash kechiktirilganda buning uchun javobgarlik mavjud.
Mehnat shartnomasi yoki jamoa shartnomasida ish haqi haqida nima yozilganligini tekshiring. U yerda mehnat haqining miqdori, avans, yakuniy hisob-kitoblar, premiya va kompensasiyalar haqida to‘htalib o‘tilgan bo‘lishi kerak.
- Ta’til, otgul va tanaffuslar olish huquqi
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining VII bobi
Xodimlar yaxshi ishlashlari uchun dam olishlari juda muhim. Ish beruvchi istagan paytda emas, balki qonun belgilagan muddatlarda xodimlarga ta’tillar taqdim etiladi. Misol uchun, har bir xodim yiliga 15 kunlik dam olish huquqiga ega – ular oldindan ish beruvchining hisobidan to‘lanadi. Ta’til har yili, shu ta’til berilayotgan ish yili tugagunga qadar berilishi lozim. Har bir xodim dam olish huquqiga ega. Xodimga ish kuni (smena) davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berilishi kerak, bu tanaffus ish vaqtiga kiritilmaydi. Tanaffus berish vaqti va uning aniq muddati ichki mehnat tartibi qoidalarida, smena grafiklarida yoki xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilab qo‘yiladi.
Ishning tugashi va keyingi ish kunining boshlanishi o‘rtasidagi dam olish vaqti esa 12 soatdan kam bo‘lishi mumkin emas. Qolaversa, barcha xodimlarga dam olish kunlari taqdim etiladi. 5 kunlik ish haftasida xodimlarga haftada 2 dam olish kuni, 6 kunlik ish haftasida esa bir kun dam olish kuni beriladi. Dam olish kunlarida ishlashni qonun taqiqlaydi. Xodim dam olish kunlarida ham ishga jalb qilinsa, buning uchun kompensasiya talab qilishi mumkin (asos: MK 157-moddasi). Dam olish kunida ham ishlagan xodim boshqa kuni otgul talab qilish huquqiga ega. Bayram yoki dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanadi.
Ta’til, otgul (boshqa dam olish) va tanaffus olish huquqi Mehnat kodeksiga binoan beriladi. Ish beruvchi ta’til vaqtini kamaytirish, dam olish kunida ishlashga majbur qilish yoki tushlik qilishni taqiqlashiga yo‘l qo‘yilmaydi. Siz, albatta, ta’tillar jadvalini kuzatib boring: MK 144-moddasiga ko‘ra ta’til berish vaqti haqida xodim ta’til boshlanishidan kamida 15 kun oldin xabardor qilinishi kerak. Agar me’yoridan ortiq ishlagan bo‘lsangiz, otgul olishga ariza yozing. Jamoa yoki mehnat shartnomasida tushlik uchun tanaffus haqida nima yozilganini tekshiring.
- Ijtimoiy sug‘urtalanish huquqi
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining XVI bobi
Barcha xodimlar davlat yo‘li bilan ijtimoiy sug‘urta qilinishlari lozim. Sug‘urta qilingan xodimlar, tegishli hollarda esa, ularning oilalari ham davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari hisobidan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalari, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari, bola tug‘ilganda beriladigan nafaqalar, yoshga doir nafaqa, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari bilan ta’minlanadilar.
- Xavfsiz ish muhiti va mehnat muhofazasiga bo‘lgan huquq
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining XIII bobi
Agar ish beruvchi ish joyini taqdim etgan bo‘lsa, u ish beruvchining nuqtai nazaridan emas, balki normativlarni hisobga olgan holda xavfsiz bo‘lishi kerak. MK 211-moddasiga muvofiq ish beruvchi qo‘l ostidagilari uchun xavfsizlik va gigena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlarini yaratib berish majburiyatini oladi. Ish dastgohi soz, xizmat mashinasi yurib turgan, ish stoli toza, nurlanish esa me’yorida bo‘lishi lozim. Ish beruvchi mehnat shartnomasini tuzishda va boshqa ishga o‘tkazishda xodimni mehnat sharoitlari to‘g‘risida, shu jumladan, kasb kasalliklari va boshqa kasalliklarga chalinish ehtimoli, shu bilan bog‘liq holda unga beriladigan imtiyoz va kompensasiyalar, shuningdek shaxsiy himoya vositalari haqida xabardor qilishi kerak (MK 213-moddasi). Mehnat sharoiti noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlar zarur hollarda belgilangan normalar bo‘yicha sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazli sho‘r suv, maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal va boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan ta’minlanishlari zarur. Xodimlarga texnika xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi, yong‘in chiqishdan saqlanish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berish ish beruvchining vazifasidir.
Xodim ish jarayonida o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelib qolganligi to‘g‘risida ish beruvchiga darhol xabar qiladi. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirib borish va nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi organlar ana shu holatlarni tasdiqlagan taqdirda ish beruvchi bu holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Agar zarur choralar ko‘rilmasa, xodim o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilgunga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqlidir. Ana shu davr mobaynida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanadi.
- Yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqi
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining XII bobi
Agar ish beruvchi ish haqini kechiktirsa, ta’til berishdan bosh tortsa yoxud g‘ayriqonuniy ravishda sizni ishdan bo‘shatsa, buning uchun javobgarlik mavjud. Bunday hollarda, ish beruvchi yetkazilgan har qanday zararni to‘liq hajmda to‘laydi. Masalan, xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilgan barcha hollarda ololmay qolgan ish haqini ish byeruvchi unga to‘lashi shart (MK 188-modda). Xodimning sog‘lig‘iga mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki u o‘z mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zararni ish beruvchi to‘liq hajmda to‘lashi shart. Mehnat shartnomasida belgilangan vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi natijasida xodimning shaxsiy buyumlari yoki boshqa mol-mulkiga zarar yetkazgan ish beruvchi bu zararni natura holida qoplamog‘i lozim.
Agarda sizga yuqorida sanab o‘tilgan ko‘rinishlardan birida ish beruvchi tomonidan zarar yetkazilgan bo‘lsa, unda zararni undirish haqida ariza bering. Ish byeruvchi arizani ko‘rib chiqishi va ariza tushgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddat ichida tegishli qaror qabul qilishi shart. Ish beruvchi 3 kun ichida arizangizga javob qaytaradi. Agar siz ish beruvchining qaroriga rozi bo‘lmasangiz yoki belgilangan muddatda javob ololmagan bo‘lsangiz, unda nizoni hal qilib berish uchun sudga murojaat qilishingiz mumkin.
Rashidova Mushtariybegim O‘tkir qizi
Toshkent davlat yuridik universitetining
4-bosqich talabasi