Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish har birimizning burchimizdir

Hozirgi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xotin-qizlar masalasi, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, maishiy hayotdagi muammolarini hal qilish, iqtidori va imkoniyatlarini ko‘rsatish uchun qulay sharoit yaratilmoqda. Chunonchi, oilada, jamiyatda, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Shu bois xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish nafaqat davlatning, balki har bir fuqaroning oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Zero, davlatimiz rahbari bugungi zamon qahramonlari haqida so‘z yuritar ekan, “Bir narsani aniq tushunishimiz kerak. Ham, oila, ham bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish bilan birga, o‘qish, ish yoki tadbirkorlikni olib borish katta matonat talab qiladi.” degan fikrni bejiz keltirmagan edilar.

Bugungi kunda dunyo hamjamiyati xotin-qizlarning insoniyat taraqqiyotida o‘rnini to‘g‘ri anglagan holda xalqaro mexanizmlarni yaratishga bo‘lgan harakat ancha oldin boshlangan edi. Hozirda gigant xalqaro tashkilot sifatida e’tirof etilayotgan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabrda “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi konvensiyaning qabul qilingani fikrimizning yaqqol dalilidir. Mazkur konvensiya xotin qizlar va erkaklarning amaldagi tengligiga erishish, ya’ni gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar tomonidan o‘z huquqlaridan amalda foydalanish masalalariga bog‘liq bo‘lgan muammolarni aniq-ravshan belgilagan asosiy hujjatdir. Mazkur normaning mazmun-mohiyati esa amaldagi Konstitusiyamizning
46-moddasida qaysidir ma’noda o‘z aksini topgan.

Mamlakatimizda globallashuv sharoitida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar orasida xotin-qizlarning erkaklar bilan bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi mavqeini kuchaytirish, siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish kabi o‘zgarishlar e’tiborga loyiq.

Amalga oshirilayotgan islohotlarnining barqarorligini ta’minlash va ularni amalda qo‘llash uchun, avvalambor uning huquqiy asoslarini yaratish davlatning ichki funksiyasini amalga oshirishdagi o‘ziga xos xususiyatlardan hisoblanadi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida 69-maqsad sifatida “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash” keltirib o‘tilgan.

Bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali xotin-qizlarga nisbatan amalga oshirilayotgan tazyiqlarning tarqalishi nafaqat mamlakatimiz, balki butun millatning oldidagi eng og‘riqli holatlardan biri sifatida qaralmoqda.

Mazkur ko‘ngilsizliklarning oldini olish hamda xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2019 yil
2-sentyabrda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘RQ-561-son O‘zbyekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun bilan xotin-qizlarni himoya qiluvchi vositalardan biri bo‘lmish “Himoya  orderi” tushunchasi va uning mazmun-mohiyati yoritib berildi.

Qonunda belgilanishicha, himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjat.

Bugungi kunda himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida beriladi.

Quyidagilar himoya orderini berish uchun acoc hisoblanadi:

  • tazyiq va zo‘ravonlik qurbonining murojaati;
  • jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;
  • tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etishi yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
  • davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.

Tazyiq va zo‘ravonlik to‘g‘risida xabar bergan shaxclap va tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sir saqlanadi.

Himoya orderi bilan quyidagi cheklovlar o‘rnatiladi:

  • tazyiq o‘tkazishni va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlash;
  • taraflar o‘rtasida aloqani taqiqlash (ish va ta’lim muassasalarida bilvosita aloqaga yo‘l qo‘yiladi);
  • taraflarning bir xonada birga bo‘lishini taqiqlash;
  • zo‘ravon shaxs zimmasiga majburiyatlar yuklash (jabrlanuvchini davolash, moddiy va ma’naviy zararni qoplash);
  • zo‘ravon shaxsning qurolni saqlash va olib yurish huquqini cheklash yoki taqiqlash (xizmat qurolidan tashqari).

Himoya orderining amal qilishi quyidagi holatlarda to‘xtatiladi:

  • jabrlangan xotin-qizlar himoya orderini to‘xtatishni so‘rab murojaat qilsa;
  • himoya orderida belgilangan muddat (uzaytirilgan muddat) tugasa;
  • zo‘ravon shaxs sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilsa;
  • sodir etgan jinoyati uchun jabrlangan xotin-qizlar yoki zo‘ravon shaxslarning biriga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llansa;
  • jabrlangan xotin-qizlar yoki zo‘ravon shaxslarning biri sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilsa;
  • jabrlangan xotin-qizlar yoki zo‘ravon shaxslarning biri qonun hujjatlariga muvofiq doimiy yashash joyidan og‘ir kasalligi tufayli yoki uzoq muddatga boshqa davlatga chiqib ketgan bo‘lsa;
  • jabrlangan xotin-qizlar yoki zo‘ravon shaxslarning biri vafot etsa.

Mamlakatimizda himoya orderini berish amaliyoti “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shu yilning fevral oyidan berila boshlangan.

Ichki ishlar vazirligining taqdim qilgan statistikasi bo‘yicha
2021 yilda jami 39423 nafar, 2022-yilning birinchi choragida esa 11700 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mamlakatimiz rivojida, jamiyat hayotida, oilalar mustahkamligida xotin-qizlarning o‘rni va ahamiyati katta. Yurtimiz aholisining 50 foizini tashkil etadigan xotin-qizlar jamiyatning barcha sohalarida samarali faoliyat yuritmoqda. Gender tenglikni joriy qilish nuqtai nazaridan barcha sohalar qatorida ta’limdagi ijobiy siljishlarni alohida ta’kidlash kerak.

Eshqobilov Sirojiddin Abdunabiyevich

Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali Huquqbuzarliklar profilavktikasi va jamoat xavfsizligini
ta’minlash kafedrasi o‘qituvchisi

Abdiaxatov Timur Rovshan ug‘li

Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali 3 kurs tadabasi
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications