Zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish

Ayollar viktimlik tavsifining tahlili nafaqat huquqni qo‘llash amaliyoti, balki jamiyatdagi o‘tkir ijtimoiy-madaniy muammolarni hal qilish uchun ham muhim hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra 2022 yilda respublika bo‘yicha sodir etilgan 426 ta odam o‘ldirishning 37,1% (158tasi), JK 104, 105, 109-moddalarida javobgarlik belgilangan 10 927ta badanga turli darajada shikast yetkazishlarning 1 985tasi(18,2%) oila-turmush doirasida amalga oshirilgan. Bundan tashqari, respublika bo‘yicha jami 36 960 nafar xotin-qizlar jinoiy va ma’muriy huquqbuzarlik hatti-xarakatlaridan jabrlanganligi qayd etildi. Ayollar jabrlanishi eng yuqori ko‘rsatkichlari Farg‘ona (7 696), Toshkent (4 242) va Namangan (3 180) viloyatlarida qayd etilgan. 

Shaxsga qarshi qaratilgan jinoyatdan 2021 yil davomida jabrlangan 3 172 nafar xotin-qizlarning 64 foizini (2 025) ishsizlar va uy bekalarini hamda 63 foizini (2 015) 30 yoshdan yuqori bo‘lgan ayollar tashkil etadi.Shuningdek, ayollarga nisbatan tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etgan 3 172 nafar shaxslarning 36 foizi (1 160 nafar) ishsizlar  tashkil etadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 40, 41, 52 va 183-moddalariga asosan sodir etilgan huquqbuzarliklardan jami bo‘lib 33 788 nafar xotin-qizlar jabrlanganligi aniqlandi.Bu borada, himoya orderi  imkoniyatlaridan keng foydalanilib, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan (39 343) xotin-qizlar davlat himoyasi ostiga olinishi ta’minlanib kelinmoqda. Himoya orderi berilishi natijasida joriy yilning o‘tgan davrida tazyiq yoki zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning 99 foizi jinoyat qurboniga aylanishidan saqlab qolindi.

Himoya orderlarning 26 667 tasi turmush o‘rtoqlari, 1 559 tasi qaynionalar, 1 128 tasi kelinlar hamda 9 989 tasi boshqa shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan.Qo‘llanilgan himoya orderlari natijasida 20 769 ta holatda oila yarashtirildi, 15 142 tasida nizo bartaraf etildi, 921 tasida oila ajrashdi, 2 222 ta holatda nizo bartaraf etilmadi.

Bugungi kunda jinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda xotin-qizlarning farovon hayotini ta’minlash maqsadida, zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarni zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha dasturidan o‘tkazish bo‘yicha hamkor idora va vazirliklar bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bugungi kunda turli masalalarda fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarda 134 mingdan ziyod nizolashayotgan oilalarga oid mavjud. Shundan, nikoh masalasi bilan bog‘liq nizolar 64 814 ta, aliment undirish masalasi – 26 918 ta, uyga kiritish masalasi bilan bog‘liq 1784 ta va boshqa turdagi nizoli holatlar mavjud. Oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida yaqin qarindoshlar o‘rtasida yillar davomida ma’muriy va fuqarolik sud organlari tomonidan nizolashib kelayotgan fuqarolarning ro‘yxatlarini elektron tizim orqali hududiy Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash hamda ichki ishlar organlariga ro‘yxatlarni taqdim etish orqali ular bilan manzilli ishlar olib borilishi lozim. 

Fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida IIV JXD Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati qoshida “Ishonch markazi” tashkil etilib, 2022 yil 10 yanvar kunidan markazda tunu-kun uzluksiz xabarlarni qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. “Ishonch markazi” ga ikkita “1259” va “1286” qisqa raqamlari olingan bo‘lib, “1259” qisqa raqami oilaviy zo‘ravonliklardan jabr ko‘rgan fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish, “1286” qisqa raqami huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xodimlari uchun huquqiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni oldini olishga qaratilgan viktimologik profilaktikaning muhim usulini yakka tartibdagi chora-tadbirlar tashkil qiladi. Jumladan, quyidagi holatlar xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga yo‘naltirilgan chora- tadbirlar amalga oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi: tazyiq va zo‘ravonlik qurbonining murojaati; jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari; tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish faktlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan materiallar.

Himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlar tazyiq va zo‘ravonlik faktlari aniqlangan taqdirda bu haqda tegishli ichki ishlar organlariga darhol xabar qilishlari lozim.“Xotin-qizlarni tazyiq va  zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” gi Qonunning 20-moddasida Ichki ishlar organlari tazyiq va zo‘ravonlik to‘g‘risida og‘zaki yoki yozma xabar olganda bunday harakatlarga chek qo‘yish va ularning oldini olish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan yakka tartibdagi chora-tadbirlar ko‘rishi lozimligi belgilangan. Ta’kidlangan qonun xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar turlari jumlasiga quyidagilarni kiritadi: profilaktika suhbatini o‘tkazish; himoya orderini berish; tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazlarga joylashtirish; zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlaganlarga nisbatan amalga oshiriladigan viktimologik profilaktikaning muhim chora-tadbirlari – jabrlanuvchilarni maxsus markazlarga joylashtirish choralarini nazarda tutadi. Jabrlanganlarni maxsus markazlarga joylashtirish uchun tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining boshpana berish to‘g‘risidagi arizasi asos bo‘ladi. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganni maxsus markazga joylashtirish uning xohishiga ko‘ra o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatga amalga oshiriladi. Zarurat bo‘lgan taqdirda bu muddat maxsus markazning ustavida belgilangan tartibda uzaytiriladi. Maxsus markazga joylashtirish muddati tugagach, agar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga nisbatan xavf mavjud bo‘lsa, maxsus markaz ma’muriyati bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi shart. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi maxsus markazga joylashtirilgan taqdirda, uning ish joyi saqlab qolinadi, jabrlanuvchining maxsus markazda bo‘lish vaqti uni ta’lim muassasasidan mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborganligi munosabati bilan talabalar safidan chiqarish uchun asos bo‘lmaydi, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar tazyiq o‘tkazganlik va zo‘ravonlik sodir etganlikda aybdor, deb topilgan shaxsdan undiriladi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni ta’kidlash lozimki, ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ayollarga nisbatan va ular tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Karaketova Dilnoza Yuldashevna

TDYUU Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications