Oila huquqi

Rossiyada (yoki chet elda) yurgan erdan aliment undirish yoʻllari

Rossiyada (yoki chet elda) yurgan erdan aliment undirish yoʻllari

Ajrimdan soʻng ayollarni oʻylantiradigan eng ogʻir muammolardan biri: “Sobiq erim Rossiyaga (yoki boshqa davlatga) ketib qoldi. Endi bolalarimga alimentni qanday olaman? Chegaradan oʻtib ketgan boʻlsa, hamma narsa tugadimi?” Sizni tinchlantirish uchun birinchi navbatda aytishim kerak: Yoʻq, hech narsa tugamadi! Boshqa davlatga ketish otalik mas'uliyatidan va qarzdan qutulish degani emas. Keling, murakkab yuridik atamalarsiz, bunday vaziyatda pulni qanday qilib qonuniy undirish mumkinligini oddiy tilda tushuntirib beraman.

1. Chet elda yurgan odamdan aliment olish mumkinmi oʻzi?

Albatta mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Rossiya, Qozogʻiston kabi barcha MDH (SNG) davlatlari bilan maxsus shartnoma (Minsk konvensiyasi) tuzgan. Bu degani — bizning sud chiqargan qaror Rossiyada ham xuddi oʻzlarining qonunidek kuchga ega boʻladi va tan olinadi.

2. Jarayonni nimadan boshlash kerak?

Siz uzoqqa, ya'ni Rossiyaga borishingiz shart emas. Hamma ishni Oʻzbekistonda turib hal qilasiz:

  • 1-qadam: Oʻzingiz yashab turgan tuman sudiga aliment undirish boʻyicha ariza berasiz. Sud sobiq eringiz qayerdaligidan qat'i nazar (hatto sudga kelmasa ham), bolaning ta'minoti uchun qaror chiqarib beradi.

  • 2-qadam: Sudning qarorini oling-da, toʻgʻri MIBga (Majburiy ijro byurosiga) olib boring.

  • 3-qadam: MIB xodimi sizning arizangizni va sud qarorini olib, xalqaro hamkorlik orqali Rossiya Adliya vazirligiga (Sud pristavlari xizmatiga) yuboradi. Rossiya pristavlari uni topib, oʻzining qonunlari asosida undan pulni undirib, sizning hisobingizga tushirib berishni boshlaydi.

3. Uning Rossiyada qancha oylik olayotganini kim biladi?

Bu holatda ikki xil ssenariy bor:

  • Agar u u yerda rasmiy, qonuniy ishlasa: Rossiya pristavlari uning ish joyini topadi va toʻgʻridan-toʻgʻri oyligidan (rublda) foiz ushlab qolib, Oʻzbekistonga joʻnatadi.

  • Agar u “qora ishchi” boʻlsa yoki ishsiz boʻlsa: “U baribir u yerda hujjatsiz ishlaydi, hech kim topolmaydi” deb oʻylashingiz mumkin. Qonunda bunga ham zoʻr yechim bor! Agar uning xorijda qancha topayotgani noma'lum boʻlsa, qarz Oʻzbekistondagi oʻrtacha oylik ish haqi boʻyicha hisoblab borilaveradi. Ya'ni, chet elda pul yashiraman degan odamga aliment qarzi Oʻzbekistonning juda katta oʻrtacha oyligidan (masalan, 4-5 mln soʻmdan) foiz shaklida yozilib, boʻyniga “tosh boʻlib” osilaveradi.

4. Topilmayotgan, qochib yurgan boʻlsa-chi? (Davlat yordami)

Sobiq turmush oʻrtogʻingiz chet elda dom-daraksiz yoʻqolib ketgan boʻlsa ham tushkunlikka tushmang. Hozirda “Aliment toʻlovlari jamgʻarmasi” ishga tushgan.

Agar eringiz qidiruvga berilsa va uzoq vaqt topilmasa yoxud pul undirishning mutlaqo iloji boʻlmasa, MIBning maxsus qarori asosida aliment pulini davlat (Jamgʻarma) sizga toʻlab beradi. Sobiq eringiz qachondir topilganda, davlat oʻzi uning boʻyniga minib, bergan pulini xavf-xatari (jarimasi) bilan undirib oladi.

5. Uyga (Oʻzbekistonga) qaytib kelsa nima boʻladi? (“Zapret”)

U chet eldan qachondir uyga, toʻyga yoki biron ishi tushib Oʻzbekistonga qaytishi aniq. U chegaradan kirishi bilan MIB bazasida uning katta aliment qarzi chiqib keladi.

Eng qizigʻi shundaki, u aliment qarzini oxirgi tiyinigacha toʻlamaguncha, chegaradan qaytib chiqa olmaydi (“zapret”ga tushadi). Hatto aeroportdan chipta olgan boʻlsa ham, reysdan qoldiriladi. Toʻlashdan umuman bosh tortsa, unga nisbatan qamoq jazosi qoʻllanilishi mumkin.

Xulosa: Sobiq erning chet elga ketishi — siz va bolalaringiz huquqlaridan voz kechishingiz kerakligini anglatmaydi. Davlat xalqaro shartnomalar va maxsus jamgʻarmalar orqali bolalarni himoya qiladi. Sudga chiqing, qarorni MIBga topshiring va qonuniy haqqingizni talab qilishdan umuman tortinmang!

Maqola foydali bo'ldimi? Ulashing:
Ulashish
Islombek Abdixakimov
Muallif
Islombek Abdixakimov

KIberxavfsizlikni huquqiy ta'minlash va raqamli huquq boshqarmasi Bosh maslahatchisi, Adliya Vazirligi

Barcha maqolalarini ko'rish
#aliment#xorijiy fuqaro

Shu kabi maqolalarni har hafta oling

Telegram kanalimizga obuna bo'ling — yangi qonun o'zgarishlari va amaliy maslahatlarni birinchi bo'lib oling.

@civil_uz kanalga o'tish

Istalgan vaqt chiqib ketishingiz mumkin

O'xshash maqolalar

Qaynona kelinni uydan haydab chiqarsa, qonun kelinni qanday himoya qiladi?
Oila huquqi

Qaynona kelinni uydan haydab chiqarsa, qonun kelinni qanday himoya qiladi?

Qonun kelinni toʻliq himoya qiladi! Agar kelin oʻsha uyda doimiy roʻyxatda (propiskada) tursa, uni hech kim (hatto uyning egasi boʻlgan qaynona ham) oʻzboshimchalik bilan koʻchaga haydab chiqarishga haqli emas. Kelin sud orqali uyga majburiy kiritilishini talab qilishi va qaynonaning tazyiqlariga qarshi ichki ishlar organlaridan “Himoya orderi” olishi mumkin. Batafsil qonuniy yoʻllari bilan quyida tanishing!

862
Xotin homilador boʻlsa yoki bola 1 yoshga toʻlmagan boʻlsa qonun ajrashishga ruxsat bermasligi rostmi?
Oila huquqi

Xotin homilador boʻlsa yoki bola 1 yoshga toʻlmagan boʻlsa qonun ajrashishga ruxsat bermasligi rostmi?

Ha, bu gapda jon bor, lekin u faqat erkaklarga tegishli! Qonun boʻyicha, ayol homilador boʻlgan vaqtda va bola 1 yoshga toʻlguniga qadar er oʻz xohishi bilan (xotinining roziligisiz) ajrashishga ariza bera olmaydi. Lekin, agar ajrashishni xotinning oʻzi talab qilsa yoki erining ajrashish talabiga rozi boʻlsa, qonun ajrashishga ruxsat beradi. Batafsil quyida oʻqing!

1 529
Chet el fuqarosiga turmushga chiqish (yoki uylanish) va ajrashish: Nimalarni bilish shart?
Oila huquqi

Chet el fuqarosiga turmushga chiqish (yoki uylanish) va ajrashish: Nimalarni bilish shart?

Chet el fuqarosi bilan nikoh qurish yoki ajrashish Oʻzbekiston qonunchiligi (Oila kodeksi) boʻyicha amalga oshirilishi mumkin. Eng asosiysi: ZAGSdan oʻtish uchun chet ellik shaxs oʻz davlatidan “oilali emasligi” haqida rasmiy ma'lumotnoma olib kelishi shart. Agar kelajakda ajrashishga toʻgʻri kelsa, Oʻzbekiston sudi orqali (hatto u chet elga ketib qolgan boʻlsa ham) ajrashish mumkin. Ammo aliment va mulk undirish xalqaro miqyosda juda murakkab jarayon boʻlgani uchun, eng toʻgʻri yoʻl — Nikoh shartnomasi tuzishdir!

661