Intellektual mulk to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish sohasidagi rivojlanish yo‘nalishlari

Intellektual mulk va uni himoya qilishni takomillashtirish borasida o‘tgan yil davomida bir qancha qonun hujjatlari va qarorlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk ob’yektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 4965-sonli Qaroriga ko‘ra,
2021 yil 1 apreldan boshlab, intellektual mulk sohasidagi xalqaro shartnomalar normalaridan kelib chiqib, tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilindi. Shuningdek, intellektual mulk ob’yektlarini davlat ro‘yxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etish bunda, intellektual mulk ob’yektini muhofazaga olish uchun topshiriladigan talabnoma bo‘yicha dastlabki qidiruv tomonlarning kelishuviga muvofiq amalga oshirilish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Shu bilan bir qatorda, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatida intellektual mulk ob’yektlariga talabnomalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish jarayonida autsorsing usullarini qo‘llash tajribasi yo‘lga qo‘yilishi ham nazarda tutilgan.

Ushbu qarorda shuningdek, 2025 yil 1 yanvarga qadar milliy eksport qiluvchilar tomonidan chet elda tovar kelib chiqqan joy nomlari (geografik ko‘rsatkichlar)ni ro‘yxatga olish bo‘yicha qilinadigan sarf-xarajatlari Intellektual mulk agentligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplanishi hamda 2021 yil 1 iyundan boshlab esa davlat boshqaruvi organlari va davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari o‘zlariga tegishli bo‘lgan intellektual mulk (mualliflik huquqi, turdosh huquqlar va sanoat mulki) ob’yektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni buxgalteriya hisobida aks ettirishi ham belgilandi.

Shuningdek, 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab,  davlat boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari o‘ziga tegishli bo‘lgan intellektual mulk ob’yektlari hisobini to‘g‘ri yuritish, ularga bo‘lgan huquqlarni xo‘jalik muomalasiga kiritish, ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirilishiga ko‘maklashishga qaratilgan Intellektual mulk agentligi huzuridagi “Patent platformasi” ishga tushirildi. Ushbu platformada ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlari muhofaza hujjatlariga oid ma’lumotlar batafsil aks ettirildi, shuningdek, platforma elektron shaklda real vaqt rejimida yuritiladi hamda unga tadbirkorlik sub’yektlari ixtiyoriy va bepul asosda kiritiladi.

Ushbu platformani yanada takomillashtirish maqsadida, patentshunos kadrlarni va patent vakillarini tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yilishi, unga ko‘ra, oliy ta’lim tizimida “Patentshunoslik” (bakalavr) yo‘nalishini tashkil etish hamda Intellektual mulk agentligi, Fanlar akademiyasi, oli ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari uchun bugungi kunda o‘ta zarur bo‘lgan intellektual mulk sohasidagi kadrlarni tayyorlashni joriy etish belgilandi. Bunda, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti Akademiyasi va sohada ilg‘or bo‘lgan xorijiy davlatlarning patentshunoslari hamda patent vakillarini tayyorlash bo‘yicha tajribasi va o‘quv dasturlarini inobatga olish lozimligi keltirib o‘tildi.

Safarova Shahnoza

Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudining sudya yordamchisi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications