Sud ekspertizasining huquqshunoslikdagi ahamiyati

Ergasheva Nargiza Bahriddin qizi

Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi

Annotatsiya:  Maqola sud eksperstizasining jinoyat huquqi sohasidagi ahamiyatiga bag‘ishlangan. Shuningdek, maqolada faqatgina biror turdagi jinoyat va unda qo‘llaniladigan ekspertiza turi haqida so‘z bormaydi. Unda sud tayanishi mumkin bo‘lgan barcha holatlar haqida umumiy so‘z boradi. Sir emaski, o‘tmishda va hozir ham aossiz dalillar orqali begunoh insonlar sudlanganligi bilan bog‘liq vaziyatlar uchrab turadi. Shu sababli jinoyat huquqi sohasida ekpertizaning ahamiyati va ekpertlarning bilimi alohida o‘ringa ega. Maqolada sud ekspertizasi va uning odil sudlovni ta’minlashdagi o‘rni bayon etilgan.

Kalit so‘zlar: sud ekspertizasi, ekspert, guvoh, ayblanuvchi, kriminologiya, odil sudlov.

Barcha zamonlarda huquqiy, demokratik davlatning rivojlanishi shu davlat  qonunlarning qanchalik adolatliligi, ularning ijrosi va ijro etmaganlik uchun odil sudlovning mavjudligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Sud – bu  insonlar adolat uchun murojaat qiladigan manzil. Bu so‘zning etimologiyasiga qaraydigan bo‘lsak, u fransuzcha “cour” , “yopiq hovli” so‘zidan kelib chiqqan va qadimda lotin tilida ham xuddi shunday ibora mavjud bo‘lgan. Ya’ni, sud va uning natijasida ayblanuvchilar yopiq hovliga o‘xshash joylarda saqlangan. Hozirgi kunda  “court” , “cour” , “corte” kabi turli tillardagi bir-biriga yaqin so‘zlarni uchratishimizning ham asosiy sababi uning kelib chiqish tarixi hisoblanadi.

Qonun ustuvorligi va odil sudlovni ta’minlash juda ko‘plab faktorlarga bog‘liq bo‘lib, bular – qonuniylik, adolatlilik, huquqning umumiy prinsiplariga binoan qaror qilinishi va boshqalar. Ammo bulardan tashqari pora, noto‘g‘ri axborotni taqdim etish, yolg‘on guvohlik kabilar odil sudlovni ta’minlashga to‘siq bo‘lishi turgan gap.

Sud ekspertizasi ishdagi haqiqiy holatlarni aniqlash va baholashning samarali usullaridan biri hisoblanadi. Eng qadimgi sud ekspertizasi barmoq va kaft izini identifikatsiya qilishni o‘z ichiga oladi va bu xitoyliklarga eramizdan avvalgi 650-yillarda ma’lum bo‘lgan[1].

O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasiga binoan sud ekspertizasi – fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakatdir.

Sud ekspertizasi xulosa berish uchun fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan shaxs ya’ni ekspert tomonidan amalga oshiriladi. Ekspertning tadqiqot va tekshirish natijalari bo‘yicha ekspert xulosasi taqdim etiladi va dalil sifatida baholanadi. Sud ekspertizasi maxsus tashkil qilingan davlat muassasalarida amalga oshiriladi. Oʻzbekistonda Sud ekspertizasi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi va uning hududiy bo‘linmalari, Sogʻliqni saqlash vazirligining sud tibbiy ekspertizasi tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari alohida tashkil qilingan komissiyalar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekistonda sud ekspertiza markazining tashkil qilinishi o‘tgan asr o‘rtalariga borib taqaladi. Adliya vazirligi huzurida dastlab kriminalistika labaratoriyasi 1951-yilda tashkil topgan[2].

Keyinchalik ushbu labaratoriya negizida 1958-yilda o‘sha davrdagi Adliya vaziri Xadicha Sulaymonova tashabbusi bilan sud-ekspertiza ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan. 1995-yilda u kriminalistika markaziga, 2003-yilda esa sud ekspertiza markaziga aylantirilgan. Hozirda ushbu markazga Xadicha Sulaymonova nomi berilgan bo‘lib, bu yerda 34 ta turdagi sud ekspertiza turlari amalga oshiriladi.

Umuman olganda sud ekspertiza va sud tibbiy ekspertizalarining ahamiyati shundaki, bu fan ko‘p hollarda aybdorni aybdor deb topish yoki aybsizni oqlashga olib keladigan tushuntirish kuchiga ega[3]. Birgina ekspertning noto‘g‘ri yoki yolg‘on xulosasi sababli aybsiz aybdor holatga kelishi yoki ishning haqiqiy holatlari yetarlicha ochilmaganligi sababli aybdor to‘liq jazolanmay qolishi mumkin. Kriminologiya va jinoyat huquqi sohasida birgina hukm bilan inson taqdiri hal bo‘lishini hisobga oladigan bo‘lsak, sud-ekspertiza sohasi odil sudlovni taminlashdagi eng asosiy bo‘g‘indir desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Foydalanilgan manbaalar:

  1. Importance of Forensic Science in Law – A Study. Saumya Parmarthi, Symbiosis Law School, NOIDA,September1, 2015. Available at: https://scholarticles.wordpress.com/2015/09/01/sp5/
  2. Giannelli, P. (1997). The Abuse of Scientific Evidence in Criminal Cases: The Need for Independent Crime Laboratories. Virginia Journal of Social Policy and the Law (vol. 4, pp. 439-478)
  3. https://qomus.info/encyclopedia/cat-s/sud-ekspertiza-markazi-uz/
  4. Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi,  01.06.2010 yildagi O‘RQ-249-son. https://lex.uz/docs/-1633102

[1] Importance of Forensic Science in Law – A Study. Saumya Parmarthi, Symbiosis Law School, NOIDA,September1, 2015. Available at: https://scholarticles.wordpress.com/2015/09/01/sp5/

[2] https://qomus.info/encyclopedia/cat-s/sud-ekspertiza-markazi-uz/

[3] Giannelli, P. (1997). The Abuse of Scientific Evidence in Criminal Cases: The Need for Independent Crime Laboratories. Virginia Journal of Social Policy and the Law (vol. 4, pp. 439-478)

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications