Terminlar unifikatsiyasi

Tilimiz mavqeini koʻtarish, uning imkoniyatlarini keng ochib berish davlat siyosatiga oid masalalardan biri boʻlib qoldi. Tilshunoslikning barcha yoʻnalishlari, jumladan, sohalar terminologiyasi ravnaqi uchun ham keng imkoniyatlar yaratildi. Oʻzbekistonimiz suvereniteti ona tilimizga boʻlgan eʼtiborni tubdan oʻzgartirdi. Har bir ilmiy soha uchun zarur boʻlgan terminologiya dolzarb hisoblanadi. Chunki u yoki  bu soha uchun muayyan tushunchani anglatgan termin ijtimoiy huquqqa ega boʻlib, muayyan munosabatni anglatadi.

Hozirgi kunning eng dolzarb, hal qilinishi lozim boʻlgan masalalaridan biri soha tilining tezaurusini tuzishdir. Toʻgʻri, ilm-fan soha tili terminologiyasiga bagʻishlangan koʻplab lugʻat va qomuslar yaratilgan. Ularning har biri oʻziga xos ahamiyatga ega. Ushbu manbalarning maqsadi bitta – oʻzbek tilining terminologiyasini tartibga solish. Maʼlum darajada mazkur vazifa bajarildi ham, yaʼni sohalarda ishlatilayotgan tushunchalarni toʻgʻri ifodalovchi koʻplab terminlar yaraldi. Qator terminologik lugʻatlarda muayyan terminning bir necha leksikalar bilan ifodalanganini koʻrish mumkin, yaʼni bitta termin oʻzining bir necha variantlari – sinonimlari bilan talqin qilingan. Vaholanki, terminologiyada sinonimiya hodisasi salbiy maʼno kasb etadi. Chunki termin nominativ vazifani bajaradi. Terminning maʼnosi adabiy til meʼyorlari doirasida tushunchaga teng boʻladi. Chunki bir terminologik tizimda termin bir maʼnoli (monosemantik) boʻlgani uchun uning maʼnosi tushunchaga teng kelishi shart. Yaʼni termin bir maʼnoni ifodalovchi maxsus rasmiy soʻzdir. Termin aniq, konkret tushunchalarni bildiruvchi, ekspressiv-stilistik maʼnolaridan xoli boʻlgan leksika boʻlgani uchun ham sinonimlardan xoli boʻladi. Tilda bir tushunchani anglatadigan sinonimlar esa turli maʼno qirralari yoki uslubiy qoʻllanilishi bilan bir-birlaridan farq qiladi. Shu bois bir tushunchani ifodalovchi terminni boshqa bir leksika bilan almashtirib boʻlmaydi. Aynan soha tezaurusi bir tarmoq terminlari tizimida sinonimiya yoki dubletning qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymaydi.

Terminologiyada yana bir dolzarb muammo – boshqa tildan termin oʻzlashtirish, yaʼni tarjima qilishdagi noaniqliklardir. Hanuzgacha ayrim manbalarda xorijiy tildan kirib kelgan baʼzi terminlar notoʻgʻri tarjima qilingan. Masalan, противогазgazli niqob, супругиer-xotin, qayliqlar, управляющий деламиish boshqaruvchi, ish yurituvchi, киднепингbola, baʼzan odam oʻgʻirlash kabilar.

Soha lugʻatlarida yoʻl qoʻyib kelinayotgan ana shu nuqsonlarni aynan tezaurus yoʻq qiladi, yaʼni sohaning puxta shakllangan lugʻati soha tilida mavjud boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etadi. Hozirgi oʻzbek tilining soha tezaurusini tuzish davr talabiga aylangan.

Tezaurus (yun. – sanas) – xazina, boylik degan maʼnoni ifodalaydi. Tezaurus tilning toʻliq mazmun axborotiga  boʻlgan lugʻati demakdir. Tezaurus muayyan ilmiy til – soha tilining semantikasini belgilab beradi. U muayyan tilning u yoki bu sohasi boʻyicha mukammal lugʻati boʻlib, terminologiya asosini tashkil etadi.

Demak, tezaurus leksikaning toʻliq mazmuniy maʼlumotini beruvchi lugʻaviy birlik, muayyan tushunchaning intralingvistik va ekstralingvistik aloqalari tizimidir. Bunday lugʻat muayyan ilmiy sohaga oid soʻz va birikmalari yordamida terminologik tizim modelini yaratadi, natijada leksikografiyada tezaurusli tasnif yaraladi. Tezaurus maʼnosi ilmiy soha uchun dominanta maʼno sanaladi. Binobarin, tezaurusning mohiyati terminlarga xos barcha qirralarni, jihatlarni, xususiyatlarni umumlashtirib sharhlash orqali aniqlanadi. Eng asosiysi, tezaurus yordamida soha terminologiyasidagi nomuvofiqliklar, noaniqliklar, chalkashliklarga barham beriladi.

Rasmiy nutq asosini termin va atamalar tashkil etar ekan, ular tushunchaning aniq roʻyobga chiqishida asosiy vazifani  bajaradi. Shu bois, soha tezaurusi tushunchaning til shakli boʻlgan terminlarning aniq ifodalanishini toʻliq taʼminlaydi.

 

Doniyor Zamidov

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications