Xadicha Sulaymonova – ilk o‘zbek huquqshunos olimasi

O‘zbek xalqi azal-azaldan ilm-fanga, taraqqiyotga o‘z hissasini qo‘shib kelgan buyuk zotlarni tarbiyalab yetishtirgan yurt hisoblanadi. Qanchadan-qancha buyuk ilm-u toliblar, mashhur kashfiyotchilar ham aynan bizning yurtning farzandlari bo‘lgani bilan har qancha faxrlansak arziydi.  

O‘zbek huquqshunosligi ham o‘z rivojlanish yo‘liga ega. Buyuk sohibqiron Amir Temur davrida ham davlatning asosiy tamoyillaridan biri bu adolatni ta’minlash bo‘lganligi barchamizga ma’lum. Uning “Kuch – adolatdadir” degan shiori o‘sha davrda ham tenglik, odillik ustuvor bo‘lganligining yaqqol namunasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, u o‘z o‘gitlarida ta’kidlashicha “Saltanatim qonun-qoidalarini islom dini va kishilarning eng xayrlisi hazrati Muhammadning shariatiga bog‘lab, izzatu hurmatlash vojib bo‘lgan onhazratning avlodi va sahobalariga muhabbat bildirgan holda ularni mustahkamladim. Saltanatim martabasini qonun-qoidalar asosida shunday saqladimki, saltanatim ishlariga aralashib, ziyon yetkazishga hech bir kimsaning qurbi yetmasdi”[1]. Uning  “davlat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilur”  degan gaplari esa haq yo‘lida qilgan harakatlarini ifodalaydi.

Xonliklar davrida ham madrasalarda fiqh (islom huquqshunosligi) faniga alohida e’tibor berilgan.

Huquqshunoslik sohasining o‘tgan asrdagi rivojiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston SSR da ham bir qancha huquqshunoslar XX asrda huquqshunoslik sohasiga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shishdi. Jumladan, Turkiston taraqqiyparvarlaridan biri, Toshkentning “Qoryog‘di” mahallasidan bo‘lgan Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev Rossiyada huquqshunoslik sohasi bo‘yicha ta’lim olib birinchi o‘zbek advokati bo‘lgan[2]. Keyinchalik u jadidlarning “Sho‘roi Islomiya” jamiyatiga rahbarlik qilganligi, faol jadidchilik harakatlarini amalga oshirganligi va mustaqil Turkiston Muxtoriyatining hukumati tarkibida faoliyat olib borganligi  haqida ma’lumotlar mavjud.

Shunday qaltis vaziyatlardan birida, ya’ni O‘zbekiston SSR endigina tuzilib, mamlakatda hukumat turli siyosiy kuchlar girdobida qolayotgan paytda Xadicha Sulaymonova huquqshunoslik sohasiga kirib kela boshladi.

Xadicha Sulaymonova 1913-yil 3-iyulda tug‘ilgan. To‘qqiz yillik maktab davridan so‘ng,  Jahon Obidova nomidagi Sovet qurilishi va huquqi institutining huquq fakultetiga o‘qishga kirdi. 1935-yilda bu yerda o‘qishini tamomlab, Oliy sud a’zoligiga ta’yinlandi va dunyoda bu maqomga erishgan birinchi ayol sudya bo‘ldi. U yerda 3 yil davomida faoliyat yuritib, 1938-yilda Moskva yuridik institutining sovet jinoyat huquqi yo‘nalishiga aspirant bo‘lib o‘qishga kirdi[3].

Bu davrda ayol-qizlarning o‘qishi, ilm olishiga unchalik ham e’tibor berilmas edi. XX asr 20-yillarida ayollar erkinligi, paranji tashlash jarayonlari avj olgan va bu harakatlari uchun ayollarning juda ko‘pchiligi o‘z yaqinlari tomonidan qurbon qilinar edi. Xususan,  1926-yilda boshlangan “Hujum” harakati davomida 203 nafar ayollar o‘ldirilgan. Mana shunday og‘ir davrda ayollarning ta’lim olishi, ayniqsa, huquqshunoslik sohasida faoliyat yuritishi bu juda katta jasorat edi.

Keyinchalik,  Xadicha Sulaymonova ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib bir qator huquqiy mavzularda izlanishlar olib borgan. Ularning namunasi sifatida quyidagilarni keltirib o‘tish mumkin:

-O‘zbekistonda sovet jinoyat huquqining paydo bo‘lishi va rivojlanishi;

-O‘zbekiston Sovet davlati va huquqi tarixi;

-O‘zbekiston xalq xo‘jaligini tartibga solishning huquqiy masalalari ;

-Kommunizmning keng ko‘lamli qurilishi davridagi O‘zbekiston Sovet huquqi ;

-Turkiston ASSRda sovet sudining tashkil topishi va rivojlanishi (1917 – 1924)  kabi kitoblar  va O‘zbekiston SSRning yangi Jinoyat kodeksi, O‘zbekiston SSR qonun hujjatlarini kodlashtirishning asosiy masalalari to‘g‘risidagi va boshqa bir qator shu sohaga oid maqolalar muallifidir. Uning rahbarligida jinoyat huquqi bo‘yicha o‘zbek tilida ilk darsliklar tayyorlangan.

Uning yuksak fazilatlarga egaligi, shijoatli va ilmga chanqoqligi bugungi o‘zbek qizlariga o‘rnak bo‘ladi. Ilmiy ishlari asosan jinoyat huquqi, O‘zbekistonda huquqshunoslik fanining vujudga kelishi va rivojlanishi, xotin-qizlar huquqlariga bag‘ishlangan. U Moskvada bo‘lib o‘tgan, “xalq dushmani” sifatida otilgan A.Ikromov va F.Xo‘jayevlarni oqlash ishlarida faol qatnashgan.

Faoliyati davomida turli davrlarda Oliy sud raisi, Adliya vaziri, yuridik institut rektori vazifalarida ishlagan. Ko‘plab davlatlarda ilmiy ma’ruzlari bilan ishtirok etgan. Respublika sud-ekspertiza markazi ochilishiga tashabbuskorlik qilgan.

Muxtasar qilib aytganda, Xadicha Sulaymonovaning hayot yo‘lini o‘rganish va targ‘ib qilish yosh huquqshunoslar uchun ibrat maktabi vazifasini o‘taydi. Zero, uning XX asrdagi faoliyati, ushbu og‘ir damlarda ham xotin-qizlar huquqlari, kriminal olam, jinoyatchilikka qarshi kurash va uning ilmiy asoslarini yaratishda qilgan harakatlari tahsinga sazovordir. 


[1] AMIR TEMUR O`GITLARI. (ziyouz.com)

[2] 9-sinf.O’zbekiston tarixi (2019)_[uzsmart.uz].pdf – Яндекс.Документы (yandex.ru)

[3] Xadicha Sulaymonova – huquqshushos, olim, davlat arbobi. M.Hakimov, G‘.Ahmedov, A.Saidov. T.:O‘zbekiston, 1993-y. -12 b.

Ergasheva Nargiza Bahriddin qizi

Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications